12/Noyabr/2021 Prezident
TOSHKENT, 12 noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun tongda Istanbul shahrida o‘tayotgan Turkiy kengash sammiti doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, davlat yetakchilarining joriy yil mart oyida Toshkentda o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik barqaror surʼat bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari ortmoqda, aviaqatnovlar ko‘paymoqda. Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, qishloq xo‘jaligi, logistika va boshqa tarmoqlarda, shu jumladan yangidan tashkil etilgan Qo‘shma investitsiya jamg‘armasi resurslarini jalb qilgan holda istiqbolli kooperatsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Madaniy almashinuvlar kengaymoqda, muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish loyihasini jadal ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.