Uz / Ўз Ru En

Toshkent

30/Mart/2023   Ta'lim

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda

 


 

BOKU, 30-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi o‘z faoliyati doirasida taʼlim va ilm-fan yo‘nalishidagi aloqalarni rivojlantirish, ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni jadallashtirishga katta eʼtibor qaratmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Joriy yilning yanvar oyida Ozarbayjon Fan va taʼlim vazirligi qoshidagi 53-maktab bilan “OCEP” (olympic culture and education program) loyihasi doirasida hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Loyihaning mohiyati – maktab o‘quvchilarini O‘zbekistonning turizm salohiyati, tarixi, tili, madaniy merosi va taʼlim tizimi bilan yaqinroq tanishtirish bilan izohlanadi.

 Bundan tashqari, joriy yilning fevral oyida ushbu maktab bilan hamkorlikda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kunlariga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Elchixona ko‘magida O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Ozarbayjon Fan va taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda 20-26 mart kunlari 53-maktab rahbariyati va o‘quvchilarining O‘zbekistonga safari amalga oshirildi.

Ushbu safar davomida ozarbayjon tomoni Toshkent shahridagi Prezident maktabida bo‘lishdi, mazkur o‘quv dargohida zamonaviy va ilg‘or taʼlim olish uchun yaratilgan barcha sharoitlar bilan tanishishdi. Uchrashuvda maktablar rahbariyati va o‘quvchilari o‘rtasida qizg‘in muloqotlar bo‘lib o‘tdi, ikki maktab o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, xalqaro fan olimpiadalari va taʼlim yarmarkalarida o‘zaro ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Ozarbayjon vakillarini O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi va turizm salohiyati bilan keng tanitish maqsadida Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohatlari tashkil etildi.

Shu bilan birga, Ozarbayjon vakillari “Al-Beruniy” xalqaro maktabida ham uchrashuvlar o‘tkazishdi. Jumladan, Toshkent shahridagi “Al-Beruniy” xalqaro maktabi va Boku shahridagi 53-maktab o‘rtasida “OCEP” loyihasi doirasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Hujjatga muvofiq ikki maktab o‘rtasida onlayn darslar o‘tkazish, tajriba almashish, har ikki maktabda O‘zbekiston va Ozarbayjon madaniyat kunlari, milliy bayramlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid

Toshkent Davlat sharqshunoslik universit...

Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gul...

O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreya...

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi xodimlari Janubiy Koreyaning Chxunchxonnam-do provins...

Gent universitetida o‘zbek tilini o‘qiti...

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov Gent universiteti Yozma ...

So`nggi yangiliklar