Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/May/2023   Dolzarb

O‘zbekiston va Malayziya hamkorligida “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzusiga bag‘ishlangan uchinchi xalqaro anjuman tashkil etildi

KUALA-LUMPUR, 27-may. /«Dunyo» AA/. Joriy yil 24-25-may kunlari Malayziya Islom sivilizatsiyasi institutida “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzusidagi uchinchi xalqaro ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 


Seminar O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari bilan o‘zaro hamkorlikda gibrid shaklda bo‘lib o‘tdi. 

Anjuman ishida 100 dan ortiq ishtirokchi, xususan, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy ta’lim muassasalari vakillari, yetakchi olimlar qatnashdilar.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Malayziya din ishlar vaziri Mohd Naim bin Moxtar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohada samarali hamkorlikni ijobiy baholar ekan, do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirishdan Malayziya tomoni manfaatdor ekanligini alohida ta’kidladi. 

Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, islom dinining asl insonparvarlik va ma’rifatparvarlik mohiyatini hamda islom sivilizatsiyasining boy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarga yuqori baho berdi.

Vazir O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar tarixda ikkita Ma’rifiy Renessansga asos solganini alohida e’tirof etdi. “Ularning ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga mislsiz hissa qo‘shgan. Mazkur boy merosni o‘rganishga Malayziyada ham katta qiziqish mavjud. Ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik ushbu merosimizni chuqur tadqiq qilish va keng targ‘ib etishga katta hissa qo‘shayotgani quvonarli holdir”, dedi u.

Vazir har yili tashkil etilayotgan mazkur ilmiy forum xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari va mushtarak qadriyatlari asosida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.

Tadbir davomida Malayziya va O‘zbekiston olimlari hamkorligida nashr etilgan “Islom sivilizatsiyasining mutafakkirlari” nomli kitobning taqdimot marosimi ham o‘tkazildi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston hayotining barcha jabhalarida, xususan, diniy-ma’rifiy sohada tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, islom sivilizatsiyasining ma’naviy-intellektual merosini tadqiq qilish va targ‘ib etish borasida respublikada keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar va loyihalarga oid batafsil ma’lumot berildi. 

Anjuman davomida jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan musulmon dunyosining buyuk allomalari hayoti va ilmiy merosi bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Muhammad Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi mutafakkirlarning merosi haqida atroflicha fikr yuritildi.

Shuningdek, Malayziya tomoni vakillarining e’tiboriga O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati, “O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi” va “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” brendlari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar havola qilindi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, elchixona tashabbusi bilan 2021-2022 yillarda Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolangan. 

Birinchi onlayn seminar Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi doirasida 2021 yil 8-9 aprel kunlari “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzusida o‘tkazilgan edi. 2022 yil 19 may kuni esa “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ikkinchi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya tashkil etilgandi.

Mavzuga oid

Pokistondan munosabat: O‘zbekistonning o...

Pokistonda nashr etiladigan yetakchi «National Herald Tribune» gazetasi sahifasida «O‘zbe...

Mamlakatimizning Bangkokdagi Bosh konsul...

Mamlakatimizning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi tomonidan BMT Bosh kotibining o‘rinbosari,...

Qirg‘iziston elchisi: Markaziy Osiyo dav...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yildagi tashabbusi asosida tashkil etilgan ...

So`nggi yangiliklar