29/May/2021 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
SEUL, 29-may. /“Dunyo” AA/. Bugun mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi va Janubiy Koreya milliy politsiya agentligi Interpol milliy markaziy byurolari vakillarining videoanjuman shaklida amaliy muloqoti tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda tomonlar o‘z idoralarining vazifalari, tuzilmalari va faoliyati to‘g‘risida qisqacha maʼlumotlar berib, keng ko‘lamli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba va maʼlumot almashdi, idoralararo amaliy hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi.
Ikki mamlakat huquq-tartibot idoralari o‘rtasidagi hamkorlik jadal surʼatlarda rivojlanayotgani qayd etildi. O‘tgan hafta O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari vakillarining yuqori martabali delegatsiyasi Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi, joriy yil iyun oyida Janubiy Koreya Milliy politsiya agentligi Bosh komissarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirilgan.
Videoanjuman qatnashchilari Interpol yo‘nalishidagi hamkorlik ikki mamlakat huquq-tartibot idoralari xodimlariga o‘zaro sayʼ-harakatlarni muvofiqlashtirish, birgalikda huquq-tartibot operatsiyalarini o‘tkazish, shuningdek, kerakli tezkor maʼlumotlarni real vaqt rejimida olish imkonini berishini urg‘uladi.
Tadbir yakunida xalqaro jinoyatlarga qarshi kurashda batafsil tajriba va axborot almashish maqsadida joriy yilning ikkinchi yarmida ikki mamlakat Interpol milliy byurolari mutaxassislarining O‘zbekiston va Koreya Respublikasiga o‘zaro tashriflarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.