Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Aprel/2021   Tahlil

O‘zbekiston va Hindistonning o‘zaro manfaatli hamkorligi mamlakatlarning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi, Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy o‘zaro bog‘liqligini tiklashga katta hissa qo‘shadi - ekspert


TOShKENT, 23 aprelya. /«Dunyo» AA/. “Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir”, - deb fikr bildirdi Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahlil markazi bosh ilmiy xodimi Nigina Magdiyeva “Dunyo” AAga taqdim qilgan sharhida.

“So‘nggi to‘rt yil ichida o‘zbek-hind hamkorligi yangi, yuqori bosqichga ko‘tarildi, - deb ta’kidlaydi ekspert. - Tomonlarning munosabatlari an’anaviy do‘stlik va mustahkam tarixiy asosga qurilgan. Jonli ikki tomonlama hamkorlik deyarli barcha sohalarda rivojlanib bormoqda.

Avvalo, doimiy va uzluksiz siyosiy muloqot va rasmiy aloqalar amalga oshirilmoqda. 2011 yilda tomonlar strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdi. 2015 yil iyul oyida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi Dehlining O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarini rivojlantirishga sodiqligini ta’kidladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilning kuzida Hindistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochdi, natijada hamkorlik to‘g‘risidagi 20 ta hujjat imzolandi. Davlatimiz rahbarining 2019 yil yanvar oyida Hindistonda bo‘lib o‘tgan "Jo‘shqin Gujarat" sarmoyaviy sammitida qatnashish uchun qilgan tashrifi Toshkentning hamkorlikni faollashtirish istagini tasdiqladi. 2020 yil dekabr oyida virtual sammit bo‘lib o‘tib, Yaqin do‘stlik va mustahkam sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot va hamkorlik to‘g‘risidagi 9 ta hujjat qabul qilindi.

Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi doimiy muloqot hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol aloqalar bilan to‘ldirib borilmoqda. 2020 yilda Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 12-yig‘ilishi va TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlarning 14-raundi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida Hindiston parlamenti palatalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha parlamentlararo guruhlar tuzildi.

So‘nggi to‘rt yil ichida Hindiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikning sezilarli darajada faollashgani ko‘zga tashlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda hind kapitali ishtirokidagi 280 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, qiymati 650 million dollardan oshiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. 2017 yilda Dehlida O‘zbek-hind savdo uyining ochilishi, 2018 yilda Toshkentda O‘zbek-hind tadbirkorlikni rivojlantirish markazining yaratilishi, Hindiston sanoat konfederatsiyasi bilan birgalikda O‘zbekiston-Hindiston ishbilarmonlar kengashining ta’sis etilishi - bularning barchasi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida uzluksiz savdo va investitsiya almashinuvini ta’minlashga qaratilgan. 2019 yilda tuzilgan Ikki tomonlama loyihalarni muvofiqlashtirish va amaliy jihatdan bajarishni rag‘batlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston qo‘mitasi faoliyati hamkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan.

O‘tgan yili Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida qiymati 3 milliard dollarlik 50 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishildi. Hindiston hukumati 448 million dollar miqdorida kredit ajratib, ushbu mablag‘lar O‘zbekistondagi turli rivojlanish loyihalari, ya’ni yo‘l qurilishi, chiqindi suvlarni tozalash va axborot texnologiyalari uchun taqdim etiladi.

Shu bilan birga, tovar ayirboshlashning past darajasi (2020 yilda 442,6 million dollar) tufayli o‘zaro savdo hajmini oshirish va o‘zbek mahsulotlari eksportini ko‘paytirish hamda Hindistonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarini jalb qilish ishlari davom etmoqda. O‘zbekiston hukumati hind kompaniyalari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratmoqda va ular tomonidan kimyoviy mahsulotlar, dori-darmon ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charmga ishlov berish sohalari, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalarga kiritiladigan sarmoyalarini mamnuniyat bilan qabul qilmoqda. Hindiston kompaniyalari bilan O‘zbekistonning erkin iqtisodiy zonalarida, shu jumladan 7 ta farmakologik EIZlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hindiston bilan hamkorlikni ilgari surishda transport-logistika sohasidagi hamjihatlikni rivojlantirish katta ahamiyatga ega. Ikki mamlakat, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining transport va boshqa infratuzilma aloqalarini tubdan yaxshilash o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmining sezilarli o‘sishini ta’minlash uchun zarurdir.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston hukumati Hindistonning Ashxobod kelishuviga ("O‘zbekiston - Turkmaniston - Eron - Ummon" transport koridori bo‘yicha) qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari Dehlining Hindistonning Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdosi uchun muhim tranzit markaziga aylanishi ko‘zda tutilgan Eronning Chobahar bandargohini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini ham qo‘llab-quvvatlamoqda. 2020 yil dekabr oyida O‘zbekiston, Hindiston va Eron uch tomonlama ishchi guruhining Chobahar bandargohidan birgalikda foydalanish bo‘yicha birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi.

Fuqaro aviatsiyasi va havo yuklarini tashish sohasida o‘zaro aloqalarning muhim salohiyati mavjud. Hindiston tomoni meva-sabzavot, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligining boshqa mahsulotlarini tashish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga havo yo‘laklarini ochishni taklif qilmoqda. O‘zbekistonlik mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Hindistonga charter yuk reyslari Toshkent, Navoiy va O‘zbekistonning boshqa aviatsiya markazlaridan amalga oshirilishi mumkin.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Transport va kommunikatsiyalarning o‘zaro aloqasini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazni yaratish tashabbusi ikki mamlakat manfaatlari uchun hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikning transport ta’minoti masalalari bo‘yicha xizmat qilishi mumkin .

Hamkorlikning muhim istiqbollari Hindiston tomoni katta salohiyat va afzalliklarga ega bo‘lgan axborot texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, ta’lim va madaniyat sohalari bilan bog‘liqdir.

2019 yilda Toshkentda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki ishga tushirildi. 2018 yilda Hindiston Amiti universitetining Toshkentdagi va Sharda universitetining Andijondagi filiallari ochildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi institutlari Dehli, Mumbay va Punadagi ilmiy markazlar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Hindistonlik sheriklar bilan o‘zaro hamkorlik "Raqamli O‘zbekiston-2030" strategiyasini amalga oshirishga, aerokosmik texnologiyalarni joriy etishga, atom energetikasini rivojlantirishga va bank tizimini takomillashtirishga, shuningdek sog‘liqni saqlashni modernizatsiya qilishga va aholi uchun tibbiy xizmat sifatini oshirishga yordam berishi mumkin.

Ikki mamlakat shaharlari va viloyatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni, madaniy va sayyohlik almashinuvini kengaytirish nafaqat O‘zbekiston hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, balki o‘zaro munosabatlarning gumanitar asoslarini mustahkamlashga ham ko‘maklashishi mumkin.

Toshkent va Dehli o‘rtasidagi faol mintaqaviy va xalqaro hamjihatlik siyosiy muloqot va amaliy hamkorlikning muhim qismiga aylanmoqda. 2019 yil yanvar oyida Samarqandda ikki mamlakat rahbarlari tomonidan ilgari surilgan Afg‘oniston ishtirokida tashqi ishlar vazirlari darajasidagi "Hindiston-Markaziy Osiyo" muloqoti katta voqea bo‘ldi. 2020 yil fevral oyida Dehlida ushbu muloqot doirasida Hindiston-Markaziy Osiyo Ishbilarmonlik kengashi tashkil etilib, u o‘zaro hamkorlikning amaliy yo‘nalishini ta’kidladi. 2020 yil oktyabr oyida “Hindiston-MO” muloqotining 2-uchrashuvi va Ishbilarmonlik kengashining 2-yig‘ilishi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston tomoni Hindiston va Pokistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga kirishini faol qo‘llab-quvvatladi, uning doirasidagi o‘zaro hamkorlik esa ikki tomonlama siyosiy muloqotning muhim qismiga aylanib bormoqda. O‘zbekistonning 2021-2022 yillarda bo‘ladigan ShHTga raisligi ikki davlat o‘rtasidagi rasmiy almashinuv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga hissa qo‘shishi mumkin.

Tomonlarning Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirishda ishtirok etishi ikki mamlakat mintaqaviy hamjihatligining asosi va ikkitomonlama va mintaqalararo savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning kaliti bo‘lishi mumkin. 2021 yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratadi.

Umuman olganda, iqtisodiy jihatdan tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan Hindiston savdo, investitsiya, yuqori texnologiyalar va turizm sohalarida O‘zbekistonning muhim va barqaror sherigiga aylanishga chorlanmoqda. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil chuqurlashtirish har ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi va Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining tarixiy o‘zaro bog‘liqligini tiklashga katta hissa qo‘shadi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonning barqaror ijtimoiy-iqtiso...

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli isloho...

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar ...

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya univer...

Pekinda Markaziy Osiyo davlatlari rahbar...

“Davra suhbati” chog’ida xitoylik ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Tosh...

So`nggi yangiliklar