30/Yanvar/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
BRYUSSEL, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov Gaaga huquq va arbitraj markazi (GHAM) katta hamkori Ali Marusiy bilan onlayn shaklda muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir xalqaro tashkilotlar, jumladan, huquq sohasiga ixtisoslashgan tuzilmadar bilan hamkorlikni rivojlantirish doirasida tashkil etildi.
GHAM bosh qarorgohi Gaaga shahrida joylashgan, butun dunyodan 200 ga yaqin professional huquqshunoslarni birlashtirgan tarmoq hisoblanadi. Markaz turli sohalarda yuridik va arbitraj xizmatlarini taklif etadi, xalqaro huquq, savdo va investitsiyalar, mediatsiya va arbitraj, huquqiy ekspertiza va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv kurslari, konferensiya va seminarlar tashkil etadi.
Ali Marusiy O‘zbekistondagi o‘zgarishlar jarayonlari xorijlik hamkorlar – turli mamlakatlarning siyosatchilari, ishbilarmonlari, ekspertlari, olimlarida katta qiziqish uyg‘otayotganini taʼkidladi. Ayniqsa, tadbirkorlar, jumladan, xorijlik ishbilarmonlar uchun tobora keng imkoniyatlar ochib berilayotgan iqtisodiyot sohasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
GHAM vakili O‘zbekiston bilan hamkorlikni, jumladan, huquq va biznes sohalarida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida onlayn va oflayn shakllardagi o‘quv kurslari tashkil etish orqali aloqalarni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
GHAM kurslari davlat xodimlari, sudyalar, tadbirkorlar, korporativ rahbarlar va xalqaro huquqshunoslarga huquq va boshqaruv sohasidagi so‘nggi yangiliklar bilan kengroq tanishish, bilim va ko‘nikmalarini boyitish, barcha huquqiy masalalar bo‘yicha foydali maʼlumotlarga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.
Mediatsiya va arbitraj, huquq va biznes, muzokaralar olib borish, xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlash, xalqaro nizolarni hal qilishning samarali mexanizmlari, huquq va texnologiyalar kabi yo‘nalishlar ham samarali hamkorlik qilishning istiqbolli jihatlarini tashkil qiladi.