26/May/2022 TIV yangiliklari
QOHIRA, 26 may. /“Dunyo” AA/. Qohira shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov bugun Misrning “Al-Azhar” majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Nazir Muhammad Nazir bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston va Misr xalqlarini azaliy mushtarak anʼana va urf-odatlar, savdo-iqtisodiy va madaniy gumanitar aloqalar hamda muqaddas Islom dinimiz qadriyatlari bog‘lab keladi. Ming yillar davomida Samarqand, Buxoro va Xivadagi madrasalar kabi Misrning qadimiy “Al-Azhar” diniy taʼlim dargohi ham Sharq va G‘arb xalqlari uchun yetakchi ziyo maskanlari hisoblangan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va “Al-Azhar” o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Bosh imom shayx Ahmad at-Tayyibning 2018 yil oktyabr va 2020 yil mart oylarida O‘zbekistonga tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz diniy-maʼrifiy muassasalari o‘rtasida ilm-fan, taʼlim va din sohalaridagi aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Al-Azhar”ning Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qator jabhalarda, xususan diniy va dunyoviy taʼlim hamda ilm-fan rivojiga yo‘naltirilgan islohotlarni yuqori baholadi. O‘tgan qisqa vaqt ichida ushbu yo‘nalishlarda erishilgan muhim natijalar va ko‘zlangan istiqbolli rejalar Misr jamoatchiligida katta kiziqish uyg‘otmoqda.
Uchrashuv chog‘ida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, jaholatga qarshi maʼrifat tamoyillari hamda Islom dinining mehr-oqibat, moʻtadillik, tinchlik, insonparvarlik, do‘stlikni tarannum etuvchi pok risolasini xalqaro maydonda targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
“Al-Azhar” majmuasi vakillari bilan diniy-maʼrifiy va ilmiy tadqiqot, diniy soha vakillarining malakasini oshirish yo‘nalishlarida kelishuvlarga erishildi.