17/Iyul/2020 Ilm-fan
TOSHKENT, 17- iyul. /“Dunyo” AA/. Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bakalavr bitiruvchisiga mamlakatimizda birinchi QR kodli V № 00000001 raqamli elektron diplom berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri institut matbuot manbasiga asoslanib.
Institutda 17 iyul soat 11:00 da «Bitiruvchi — 2020» onlayn tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda rektor O‘ktam Umurzoqov mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan bitiruvchilarni samimiy tabrikladi.
Zoom platformasida amalga oshirilgan tadbirni bitiruvchilar qatori ularning ota-onalari ham kuzatib borishdi.
Onlayn uchrashuvda bakalavr diplomining yangi shakli QR kodli diplom berish yo‘lga qo‘yilgani va respublikada birinchi bo‘lib QR kodli V № 00000001 raqamli diplom ushbu institut bitiruvchisiga berilgani alohida eʼtirof etildi.