Uz / Ўз Ru En

Toshkent

20/Iyun/2022   Hamkorlik

O‘zbekiston Senati Raisi Vashingtonda “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” hamraislari bilan uchrashdi

VASHINGTON, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. Vashington shahrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya AQSH Kongressidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” rahbarlari – kongressmen-demokrat Visente Gonsales va respublikachi kongressmen Trent Kelli bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Mamlakatimiz parlamenti yuqori palatasi axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida AQSH qonunchilari O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarini mamlakatimizda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga barham berilgani hamda “Cotton Campaign” koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga qo‘yilgan boykot olib tashlangani bilan qutladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, respublika paxta sanoatida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olti yil avval boshlangan tub islohotlar o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston yengil sanoati mahsulotlarining jahon bozorlariga, shu jumladan, AQSH bozoriga chiqishi uchun misli ko‘rilmagan shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu tarixiy voqea pandemiya keltirib chiqargan mahsulot yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi, bu esa o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga jahon to‘qimachilik sanoatida o‘z o‘rnini egallash uchun noyob imkoniyat taqdim etmoqda, dedi AQSH qonun chiqaruvchilari.

Kongressmenlar parlamentlararo hamkorlik haqida gapirar ekan, boshqa qonun chiqaruvchilarni ham AQSH Kongressining O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus rezolyutsiyasi hammualliflari bo‘lishga chaqirishni davom ettirishini taʼkidladi. “Hozirgi vaqtda bizda 21 ta ovoz bor va ushbu hujjat AQSH Kongressi tomonidan maʼqullanishi uchun bizni yana to‘rt nafar kongressmen qo‘llab-quvvatlashi kerak. Rezolyutsiya mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan qabul qilinishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishga tayyormiz”, deb taʼkidladi Trent Kelli.

Amerikalik qonun chiqaruvchi AQSH Kongressi O‘zbekistonga nisbatan “Jekson-Venik” tuzatishini qo‘llashni tugatish haqidagi qonun loyihasini qabul qilishga sodiq ekaniga ham ishontirdi. Bu juda muhimdir, chunki bu ikki mamlakat o‘rtasida savdo sohasida kamsitmaydigan normal munosabatlar o‘rnatilishiga yordam beradi.

Kongressmen Visente Gonsales hozirda 17 nafar kongressmen aʼzo bo‘lgan AQSH Kongressidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus”ning muhim ahamiyatga ekaligini qayd etdi. Visente Gonsales ushbu do‘stlik guruhi haqida gapirar ekan, koronavirus pandemiyasi davrida barcha kokuslar tarkibi kamaygan bo‘lsa-da, faqat “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” safi kengayganini va hozirda u katta kuch bilan faoliyat olib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

AQSH Kongressidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” rahbarlari bilan uchrashuv yakunida O‘zbekiston-Amerika kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha doimiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va ikki mamlakat qonun chiqaruvchilarining o‘zaro tashriflari orqali parlamentlararo aloqalarni yana-da mustahkamlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonlik va amerikalik mutaxassisl...

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari, Toshkent Dav...

Dehlida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Hindis...

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining tashrifi doirasida Dehli shahrida O‘zbekiston Bosh ...

Janubiy Koreya O‘zbekistonda qishloq xo‘...

Koreya Respublikasi hukumati qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish loyih...

So`nggi yangiliklar