Uz / Ўз Ru En

Toshkent

11/Avgust/2022   Parlament

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

TOSHKENT, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. Kecha Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Parlament yuqori palatasi maʼlumotga ko‘ra, majlisda Senat aʼzolari, sud va prokuratura organlarining vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining vakolatini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi taqdimnoma muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. Kamilov salomatligi tufayli o‘z xohishi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etishni so‘rab murojaat qilgan.

Senat majlisda bo‘lib o‘tgan muhokama natijasida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisligiga nomzod muhokama qilindi.

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan sud tizimida hamda maʼmuriy organlarda rahbarlik lavozimlarida ko‘p yillar mobaynida ishlab kelgan Baxtiyor Jahongirovich Islomov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi etib saylandi.

Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqildi.

Maʼlumki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuniga ko‘ra Konstitutsiyaviy sudning sudyalari belgilangan muddatga saylanadi.

Qayd etilganidek, amaldagi Konstitutsiyaviy sud tarkibining qonun bilan belgilangan amal qilish muddati joriy yilning avgust oyida tugaydi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan Konstitutsiyaviy sudning yangi tarkibi Senat yalpi majlisida keng muhokama qilindi.

Senatorlar tomonidan maʼqullangan Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga nomzodlar yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi. Bunda yangi saylangan tarkib Konstitutsiyaviy sudning amaldagi tarkibi o‘z faoliyatini yakunlaganidan so‘ng ishga kirishishi belgilandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttizinchi yalpi majlisi yakunlandi.

Mavzuga oid

Senati raisi BMT Bosh kotibining birinc...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva kecha BMT Bosh kotibining birinchi...

O‘zbekiston va Estoniya parlamentlari qo...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy i...

Senat qo‘mitasida ITSVning oliy darajada...

Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsi...

So`nggi yangiliklar