03/Sentabr/2020 Iqtisodiy diplomatiya
TOShKENT, 3 sentabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Shu nuqtai nazardan, tomonlar investitsiyaviy hamkorlik salohiyatining yuqoriligini ta’kidlab, sifatli loyiha takliflarini ishlab chiqish maqsadida AQSh savdo va taraqqiyot agentligi (USTDA) hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatishga kelishib oldi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘onistonning iqtisodiy va infratuzilmaviy o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston va AQShning mintaqaviy hamkorlikning kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishdagi yondashuvlarning bir xilligi qayd etildi. Tomonlar “C5+1” platformasi doirasida hamkorlikda erishilgan yutuqlarni ijobiy baholab, “C5+1” Iqtisodiy ishchi guruhining bo‘lajak yig‘ilishi kun tartibidagi muayyan masalalarni muhokama qildi. Ushbu yig‘ilishni o‘tkazishdan maqsad – mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish hisoblanadi.
Shuningdek, uchrashuvda shu yilning oktyabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo va investitsiya bo‘yicha doiraviy Bitimning (TIFA) virtual yalpi majlisini o‘tkazishning rejalari ko‘rib chiqildi. Bitim – bojxona-tarif jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sanitariya va fitosanitariya nazorati, intellektual mulkni himoya qilish va elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish uchun samarali platforma hisoblanadi.
Bundan tashqari, AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (USDFC) bilan transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni jadallashtirish imkoniyatlari bo‘yicha fikr almashildi.
AQSh hukumatiga Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan koronavirus pandemiyasining tarqalishiga qarshi kurashishda o‘pkani sun’iy shamollatish uskunalari (SShU), himoya aksessuarlari hamda laboratoriya va tibbiy materiallarni O‘zbekistonga jo‘natish shaklida ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun alohida minnatdorchilik bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan sohalarda kelgusidagi hamkorlikka sodiqligini ta’kidladilar hamda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanliklarini bildirdi.