Uz / Ўз Ru En

Toshkent

14/Yanvar/2022   Prezident

O‘zbekiston Prezidenti: Mard posbonlari bor xalqning ertangi kunga ishonchi mustahkam, g‘urur-iftixori baland bo‘ladi

TOSHKENT, 14 yanvar. /“Dunyo” AA/.  Bugun Prezident Administratsiyasida O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan davlatimizning yuksak  mukofotlari - harbiy unvonlar, orden va  medallar bilan taqdirlangan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining bir guruh xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Prezident matbuot xizmati tomonidan  maʼlum qilinishicha, davlatimiz rahbari, Qurolli kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni barcha harbiy xizmatchilarni va soha faxriylarini ushbu shonli sana bilan tabrikladi.

– Mustaqilligimizning 30 yilida Qurolli Kuchlarimiz tashkil topib, fidoyi askarlar, ofitser va generallar yetishtirib, zarur aslahalar bilan taʼminlanib, bugun mana shunday yetuk armiyaga aylandi. Bu jonajon Vatanimizdagi tinchlik, barqarorlik, xalqimizning osoyishta yashashiga zamin bo‘layapti, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘nggi yillarda mudofaa tizimining jangovar salohiyatini oshirish bo‘yicha juda katta ishlar qilindi. Harbiy boshqaruv tizimi deyarli yangidan barpo etildi. Harbiy-maʼmuriy sektorlar tuzildi.  Qo‘shin turlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni taʼminlash bo‘yicha taʼsirchan mexanizmlar yo‘lga qo‘yildi. Eng murakkab vazifalarni ham tezkorlik bilan bajarishga qodir bo‘lgan bo‘linmalar tashkil etildi. Qo‘shinlarning jangovar va ruhiy tayyorgarlik darajasi oshdi.

Qurolli kuchlar Akademiyasi, yangi tashkil etilgan Harbiy-tibbiyot akademiyasi, «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari va boshqa ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlari professional kadrlar tayyorlash maskanlariga aylanib bormoqda. Yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish va intilish kuchaymoqda.

Har yili Vatan himoyachilari kuni arafasida Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi o‘tkazilib, sohada bajarilgan ishlar va navbatdagi muhim vazifalar muhokama qilib borilmoqda.

– Kechagi yig‘ilishda biz munosib kuch-qudratimizni bundan ham mustahkamlash, har bir yo‘nalishda ilmni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha katta rejalar qabul qildik. Dunyoda va mintaqamizda bo‘layotgan tahlikali voqealarni chuqur tahlil qilib, xalqimizning tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligi bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘ramiz. Biz faqat o‘z kuchimizga ishonamiz, – dedi Oliy Bosh Qo‘mondon.

Vatan himoyachilari bilim va fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi.

– Harbiy okruglarga, harbiy-maʼmuriy sektorlarga men qo‘ygan eng katta vazifa – xalq bilan armiya birligini taʼminlash, inson qadrini ulug‘lash haqida bo‘ldi. Bunda sizlar yetakchi, har bir harakatingiz bilan yoshlarga namuna bo‘lasiz, deb ishonaman, – dedi davlat rahbari. 

Inson qadrini ulug‘lash tamoyili bu sohada ham namoyon. Harbiy xizmatchilar uchun munosib xizmat va yashash sharoitlari yaratilmoqda. Xususan, so‘nggi besh yilda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi imtiyozli kreditlar asosida uy-joy bilan taʼminlandi. Ular xizmat muddatini o‘tab bo‘lganidan keyin ish va tibbiy xizmatlar taʼminlanishi ham eʼtiborda.

Bugun bayram munosabati bilan joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlar, vatanparvarlarga topshirilayotgan mukofotlar ham  inson qadrini ulug‘lashning yana bir namunasi.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev unvon to‘g‘risidagi guvohnomalarni, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi. Vatan himoyachilariga sihat-salomatlik, zimmasidagi olijanob vazifalarni samarali ado etishda ulkan zafarlar tiladi.

– Afsuski, hamma mukofotlanganlarni bu zalga yig‘ishning iloji yo‘q. Lekin barcha mukofotlanganlarni, bugun kelolmaganlarni ham davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan chin dildan tabriklayman. Mukofot bu – eʼtibor, xalqimizning ishonchi timsoli. Bu sizlarga ruh, kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, yangi-yangi muvaffaqiyatlarga undashi kerak. Mard posbonlari bor xalqning ertangi kunga ishonchi mustahkam, g‘urur-iftixori baland bo‘ladi, – dedi Prezident.

So‘zga chiqqanlar yuksak mukofot va doimiy eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

 

Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti Davlat soliq qo‘m...

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qo‘mitasining Ma’lumotlarni qayta ishlash ...

Prezident Shavkat Mirziyoyev boks bo‘yic...

Mard va jasur farzandlarim, yurtimiz qahramonlari!

O‘zbekiston Prezidenti: Oilaviy poliklin...

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 7-oilaviy poliklinika faoliya...

So`nggi yangiliklar