Uz / Ўз Ru En

Toshkent

15/Yanvar/2022   Prezident

O‘zbekiston Prezidenti: Hokim yordamchilarining asosiy vazifasi – o‘z mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini ko‘paytirishdan iborat

TOSHKЕNT, 15-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga asoslanib.


Faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallabay ishlash natijasida o‘tgan yili mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot 7,4 foizga o‘sdi. Hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshladi. O‘zini o‘zi band qilganlar soni 700 mingga ko‘payib, 1,2 millionga yetdi.

– 2022 yilni Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili, deb e’lon qildik. Shu bois bu yil barcha mahallalarda tub o‘zgarishlar bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Yangi yildan 9 ming 309 nafar “hokim yordamchilari” ish boshladi. Ushbu tizimga mas’ul bo‘lgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar hal qilib berildi.

Yig‘ilishda mahallabay ishlash tizimini tashkil etish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Xususan, mutasaddilar mahallada hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etib, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga shaxsan mas’ul bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Hokim yordamchilari “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari doirasida o‘z mahallalarida o‘rganishlar o‘tkazib, ijtimoiy reyestrni qaytadan yangilashi lozimligi ta’kidlandi.

Bunda, eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

– Aholini o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilishga katta hajmda kredit va subsidiyalar ajratilmoqda. Lekin, joylarda aksariyat odamlar ulardan bexabar desak, bu ham haqiqat, – dedi Prezident. – Shuning uchun hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, ularga mavjud sharoitlarni yetkazishi, tadbirkorlik va dehqonchilikka o‘rgatish orqali kambag‘allikdan chiqarishi lozim.

Ushbu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trillion so‘m subsidiya (har bir mahallaga o‘rtacha 1,3 milliard so‘m) ajratilishi ma’lum qilindi.

Bu borada mahallada tadbirkorlik va dehqonchilikni rivojlantirish uchun oilalarni zarur asbob-uskunalar va ish qurollari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.

Joriy yil dehqonchilik uchun ajratilayotgan 80 ming gektar ekin maydoni ham birinchi navbatda yuqorida qayd etilgan toifadagi oilalarga beriladi. Shu orqali 500 ming aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash mumkin.

Mutasaddilar oldiga ekin yerlarini ajratish ishlarini tanqidiy muhokama qilib borish, aholini parrandachilik, qo‘y-echkichilik, quyonchilik, baliqchilik, asalarichilik bilan band qilish uchun yetakchi tadbirkorlarni jalb etish, mavjud imkoniyatlarni o‘rganib, tadbirkorlar ishtirokida mahallalarni inkubator bilan ta’minlash, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kafolatli sotib olish tizimini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

– Bir narsani hamma aniq tushunib olishi zarur. Hokim yordamchilari – Prezidentning mahalladagi vakillari hisoblanadi. Ularning asosiy vazifasi – o‘z mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish,  kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini ko‘paytirishdan iborat.

Buning uchun hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan xoli bo‘lishi, hech qaysi hokim yoki rahbar ularni majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan “ko‘mib tashlamasligi” lozim. Ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyat o‘rganilib, mahallalar qiyofasi va ijtimoiy muhitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu ishlar, avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan mahallalardan boshlanadi.

Shu munosabat bilan ushbu mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi tarmoqlarini, bog‘cha, maktab, tibbiyot muassasalari, madaniyat markazlarini ta’mirlash va qurish, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni rozi qilishga ustuvor ahamiyat berish lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlari yangicha tizimda ishlash yuzasidan rejalarini bayon qildi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari tel...

Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ...

Surxondaryo viloyatida quvvati 1500-1600...

Surxondaryo viloyatida quvvati 1500-1600 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi bunyod eti...

O‘zbekiston Prezidenti Raqamli hukumat o...

Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Mamin hamroh...

So`nggi yangiliklar