Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/May/2022   Prezident

O‘zbekiston Prezidenti: Bozor iqtisodiyotida har bir tumanga, har bir mahallaga investitsiya kirib borishi kerak

TOSHKENT, 26 may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil qilish, ularni zarur infratuzilma bilan taʼminlash chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.


Maʼlumki, bunday majmualar yaxlit joylashuv, qulay kommunikatsiya evaziga sanoat rivojiga katta turtki bo‘ladi. O‘tgan besh yilda yurtimizda qo‘shimcha 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, mingdan ortiq loyiha amalga oshirildi. Natijada 100 mingta ish o‘rni yaratilib, yiliga 45 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, sanoat zonalaridagi korxonalar yiliga 750 million dollarlik eksport va 1 trillion so‘mdan ziyod soliq tushumlarini taʼminlamoqda.

Yana bir muhim jihati, har bir tumanga, olis va chekka hududlarga sanoat kirib bormoqda. Xususan, ilgari sanoat umuman bo‘lmagan 11 ta tumanda 205 ta yangi korxona ish boshladi.

Aslida, salohiyat, marralar bundan-da yuqori. Lekin ularni hayotga tatbiq etishda sustkashlik holatlari ko‘p. Ayrim kichik sanoat zonalarining bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani, yana baʼzilari infratuzilma bilan to‘liq taʼminlanmagani sababli tayyor loyihalar boshlanmasdan turibdi.

Bundan tashqari, sanoat zonalarida ish boshlash uchun besh bosqichli jarayondan o‘tib, o‘ndan ortiq hujjatlar yig‘ish kerakligi tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Prezidentimiz bu masalalarni hal etish sanoatni rivojlantirish va ish o‘rinlarini ko‘paytirishda muhim ekanini taʼkidladi.

– Bozor iqtisodiyotida har bir tumanga, har bir mahallaga investitsiya kirib borishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari. – Joriy yilning o‘zida 2 mingta loyihani amalga oshirish, 110 mingta yangi ish o‘rni ochish va 1 milliard dollar qo‘shimcha eksport qilish mumkin. Bugungi muhokamamiz zamirida shu maqsad yotibdi.

Yig‘ilishda sanoat zonalarida bo‘sh turgan 6 ming 600 gektar maydonni elektr energiyasi, suv, yo‘l va boshqa sharoitlar bilan taʼminlash choralari muhokama qilindi. Buning uchun 1 trillion 500 milliard so‘m yoki 2021 yilga nisbatan 2 baravar ko‘p mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Hududlarda tekstil-bo‘yoq va terini qayta ishlash bo‘yicha ko‘plab yangi loyihalar tayyorlangan. Buning uchun markazlashgan tozalash inshootlari zarur. Shu bois bunday korxonalar uchun tanlangan joylarda zamonaviy tozalash inshootlari qurish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Maʼlumki, 200 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan loyihalar infratuzilmasi uchun xarajatlarni davlat tomonidan moliyalashtirish joriy qilingan. Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyati tadbirkorlari bu imkoniyatdan foydalanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 630 million dollarlik loyihalar tashabbusi bilan chiqqan.

Shunday loyihalar uchun joriy yilda hududlarga 170 milliard so‘m ajratilishi qayd etildi. Viloyat hokimlari boshqa hududlarga borib,  bir-birining tajribasini o‘rganishi muhimligi taʼkidlandi.

Samarqandda 300 gektar maydonda yangi maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi aytilar ekan, u yerda biznes uchun qulay sharoitlar yaratish, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari sanoat zonalarida ish boshlashdagi byurokratiyaga alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu boradagi tartibni soddalashtirish choralari belgilandi. Unga ko‘ra, erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiriladigan loyihalarni ekspertiza qilish vakolati Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga o‘tkaziladi. Importda imtiyozlarni qo‘llash uchun Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazining xulosasini olish tartibi bekor qilinadi.

Shu paytgacha sanoat zonalaridagi yerlar auksionga hokimlik tomonidan qo‘yilar edi. Endi investitsiya majburiyatlari belgilanib, mazkur zonalarning direksiyalari tomonidan chiqariladi. Shuningdek, investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilganidan keyin, auksion orqali olingan obyektlarni xususiylashtirishga ruxsat beriladi.

Bularning hisobiga sanoat zonalariga loyihalarni joylashtirish jarayonidagi bosqichlar soni kamayib, bunga ketadigan vaqt 3 oydan 1 oygacha qisqaradi.

Prezidentimiz kichik sanoat zonalarida uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlarning yer va bino-inshootlari bilan bog‘liq masalalarini hal qilish bo‘yicha ham topshiriq berdi.

Mahsulotlarning eksportbopligini, xalqaro standart va isteʼmolchi talablariga mosligini taʼminlash uchun ayrim sanoat zonalarini xorijiy kompaniyalarga boshqaruvga berish, ulardan investorlarni jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan hokimlar hisobot berdi, tadbirkorlar takliflarini bildirdi.

 

 

 

Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti va Germaniya Kans...

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan tele...

O‘zbekiston Prezidenti: iqtisodiyotga ar...

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq m...

O‘zbekiston Prezidenti Samarqand shahri ...

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, shuningdek, Samarqand shahri Qorasuv mavzesida bunyod ...

So`nggi yangiliklar