16/Fevral/2023 O‘sish nuqtasi
TOSHKENT, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Energetika vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi masʼullaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Xitoyda bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi matbuot xizmatidan olingan maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu amaliy safardan ko‘zlangan asosiy maqsad qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, quyosh elektr panellari ishlab chiqarish, bu yo‘nalishda tajriba almashish va hamkorlik aloqalarini yana-da chuqurlashtirishdan iborat.
Bugun mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari qatorida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov boshchiligidagi uyushma vakillari Xitoyning global miqyosidagi texnologiya va telekommunikatsiya giganti “Huawei” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdilar.
O‘zbekiston vakillari “Huawei” kompaniyasining ko‘rgazmalar zalida texnogigant tomonidan yashil energiya manbalari sohasida amalga oshirilayotgan eng so‘nggi yangiliklar bilan tanishdilar. Quyosh elektr panellari ishlab chiqarishning raqamli transformatsiyasi, “yashil” energiya manbalaridan elektr energiyasi olishni raqamlashtirish, so‘nggi avlod elektromobillarining texnik va ilmiy tuzilishi bilan tanishish shular jumlasidandir.
Uyushma mutasaddilari Xitoy tomoni bilan so‘nggi rusumdagi quyosh elektr smart inverterlari ishlab chiqarish texnologiyasi mahalliylashtirilishi dasturlari istiqbollarini muhokama qildilar.
«Osmonosti davlati» deya ataladigan Xitoyga O‘zbekiston delegatsiyasining amaliy safari davom etmoqda. Navbatdagi uchrashuvlarda ushbu davlatning texnologiya va “yashil” energiya ishlab chiqarish bo‘yicha tajribasi o‘rganiladi va bu sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha bir qator shartnoma va memorandumlar imzolanishi kutilmoqda, deb yozadi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.