02/Iyun/2022 Hamkorlik
PARIJ, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev, Shahrisabz shahar hokimi Akrom Sulaymonov, Shahrisabz muzeyi direktori Nabi Xushvoqov hamda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi bo‘lim boshlig‘i Alibek Rasulovdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi 31 may kuni Fransiya poytaxtiga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya safar davomida Fransiya Madaniyat vazirligi, YUNESKOning Butunjahon merosi markazida uchrashuvlar o‘tkazdi. Parijdagi jahon merosi obyektlari va Fransiya Markaziy arxivi faoliyati bilan tanishdi.
Muzokaralar chog‘ida madaniy meros obyektlarini saqlash, tiklash va targ‘ib qilish bo‘yicha Fransiyaning ilg‘or tajribasi o‘rganildi, bu sohalarda milliy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashda texnik ko‘mak olish imkoniyatlari muhokama qilindi. YUNESKO tomonidan Shahrisabzda Jahon merosini tiklash loyihasini amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Fransiya agentliklari va YUNESKO bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muayyan harakatlar rejasini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston vakillari, shuningdek, Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylar bo‘yicha xalqaro kengashda (YUNESKO maslahat organi) ham uchrashuvlar o‘tkazadi, shuningdek, jahon merosi obyektlarini tiklash bo‘yicha Fransiyaning bir necha institutlari faoliyati bilan tanishish ham rejalashtirilgan.
Mamlakatimiz delegatsiyasining Fransiyaga safari ertaga yakunlanadi.