21/Oktabr/2021 Ta'lim
TOSHKЕNT, 21-oktabr /«Dunyo» AA/. Joriy yil 27-30 oktabr kunlari Dushanbe shahrida MDHga a’zo davlatlar o‘qituvchi va ta’lim sohasi vakillarining VI qurultoyi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi qurultoyda qatnashadigan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibini tasdiqladi.
MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati anjuman «Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining ta’lim bo‘yicha hamkorligi – uning barqaror rivojlanishi uchun strategik resurs» mavzusida bo‘lib o‘tishini bildirdi. Unda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va O‘zbekistondan kelgan o‘qituvchi va ta’lim sohasi vakillari MDHga a’zo davlatlar ta’lim tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashadi.
Tadbir doirasida, shuningdek, plenar sessiyalar, tematik sessiyalar, panelli munozaralar va davra suhbatlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qurultoy delegatlari maktab ta’limi sifatini oshirish, akademik harakatchanlikni rivojlantirish va innovatsion ta’lim texnologiyalari sohasidagi ulushli ishlanmalar haqida fikr yuritadi.
Anjuman doirasida birinchi xalqaro pedagogik mukammallik festivali o‘tkaziladi. Festival yakunlari «O‘qituvchi», «Tarbiyachi» va «Psixolog/ijtimoiy pedagog» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanadi. Qurultoy dasturidan, shuningdek, «Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishonini topshirish marosimi ham o‘rin olgan. Ushbu ko‘krak nishoni bilan MDHga a’zo davlatlarning eng ilg‘or o‘qituvchi va ta’lim sohasi vakillari taqdirlanadi.
Qurultoy yakuni bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari va usullarini aks ettiruvchi, MDHda ta’limni rivojlantirishning strategiya va istiqbolli vositalarini belgilaydigan rezolyutsiya qabul qilinadi.