Uz / Ўз Ru En

Toshkent

18/Yanvar/2022   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari ikki tomonlama munosabatlar holati va ilgari erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini muhokama qildilar

TOSHKЕNT, 18-yanvar. /«Dunyo» AA/. Kecha Toshkent shahrida Turkmaniston hukumat delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va savdo-sanoat palatalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda investitsiya, sanoat, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalarida, shuningdek, suvdan foydalanish, hududlararo hamkorlik va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlarida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Ilgari erishilgan kelishuvlarning ro‘yobga chiqarilishi atroflicha ko‘rib chiqilib, istiqbolli sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari o‘rganildi.

Ikki tomonlama savdoni rivojlantirish borasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilgani qayd etildi. Jumladan, so‘nggi 4 yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar oshdi, 2021 yilda esa 65 foizga o‘sib, qariyb 880 million dollarni tashkil qildi. Yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida amaldagi savdo shartnomalari ijrosini ilgari surishga hamda ikki mamlakat tadbirkorlari va ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish yuzasidan yakdillik bildirildi.

Muloqot chog‘ida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida urg‘u berildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishda ayrim tarmoqlarda erishilgan muvaffaqiyatlarni ta’kidlab, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish hamda ikki davlat hududlarida o‘zaro bog‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi takliflarni ishlab chiqishdan manfaatdorlik bildirdilar.

Hududlararo hamkorlik salohiyatini ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarning ahamiyati ham qayd etildi. Tomonlar joriy yilda O‘zbekiston va Turkmaniston hududiy ma’muriyatlari hamda ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun platformaga aylanishi mo‘ljallangan birinchi hududlararo Forumiga tayyogarlik ko‘rish va uni o‘tkazish choralarini muhokama qildilar.

Bundan tashqari, suv xo‘jaligi, transport sohasida hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, umumiy transport yo‘laklari tarmog‘ini rivojlantirish hamda ikki mamlakatning tranzit salohiyatini yuksaltirish, madaniyat va turizm sohasidagi qo‘shma dasturlarni hayotga joriy etish kabi qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xalqaro oziq-ovqat sifat standartlarini joriy etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tadbir yakunida tomonlar ko‘rib chiqilgan hamda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan munosabatlarning barcha sohalarida faol hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat ishbilarmonlik sub’ektlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, kimyo sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qator investitsiya va eksport shartnomalari imzolandi.

Mavzuga oid

Davlat dasturining tashqi siyosat sohasi...

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinat...

O‘zbekistonning Belgiya va Ukrainadagi ...

O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi Dilyor Hakimov va mamlakatimizning Ukrainadagi diplom...

Vena shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Euromon...

Moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 24...

So`nggi yangiliklar