Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Iyul/2021   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari va Ozarbayjon elchisi mamlakatimizga oliy darajadagi tashrif hamda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi

TOSHKЕNT, 3 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov kecha Ozarbayjon elchisi Huseyn Guliyevni qabul qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri


Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lum qilishicha, muzokaralar chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlikning bugungi kun tartibini, uni kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Investitsiya sohasida hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm sohalarida aniq loyihalar ko‘rib chiqildi. Sanoatning to‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik va elektrotexnika sohalarida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish uchun Ozarbayjon kompaniyalarini jalb etish ishlarini jadallashtirishga kelishildi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish yo‘llari muhokama qilindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari yaqin kelajakda yillik savdo aylanmasi hajmini 500 million dollargacha yetkazish uchun barcha shart-sharoitlarga ega ekanligi ta’kidlandi.

Tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga ham e’tibor qaratdi. O‘zaro yuk tashishni ko‘paytirish va ikki mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish bo‘yicha qator masalalar ko‘rib chiqildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishga yo‘naltirilgan qo‘shma agrologistik klasterlarni yaratish imkoniyatlari o‘rganildi.

Alohida tartibda qator ikki tomonlama tadbirlarga, jumladan, O‘zbekistonga oliy darajadagi tashrif hamda O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlariga to‘xtalib o‘tildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar oldin erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ilgari surish, shuningdek, ikki tomonlama sheriklik yo‘nalishlarini kengaytirish bo‘yicha faol hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Yakk...

O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tuma...

Rigada qonuniy mehnat migratsiyasini tas...

O‘zbekiston elchisi Qadambay Sultonov Latviyaning yirik qurilish kompaniyalaridan biri - «...

Turkiya vitse-prezidenti ikki tomonlama ...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Um...

So`nggi yangiliklar