12/Avgust/2022 Iqtisodiy diplomatiya
TOSHKENT, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev kecha Koreya Respublikasining eng yirik viloyatlaridan biri - Kensan-Pukto gubernatori Li Chxol U bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan maʼlum qilinishicha, muzokaralar davomida investitsiyalar, savdo va hududlararo hamkorlik sohalariga urg‘u berilgani holda O‘zbekiston-Koreya hamkorligining hozirgi holati va uni rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar joriy yilning avgust oyida «Kor-Uz Tekstayl Texnopark» hududida bo‘lib o‘tgan «Dayegu Gyonbuk Mashinari Kooperativ» marketing markazining ochilishini olqishladilar. Koreya tomoni ushbu markaz ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini yana-da chuqurlashtirish, shu jumladan, keyinchalik uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish maqsadida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston va Koreya hududlari ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida “yashil” energetika, elektronika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va boshqa istiqbolli sohalarga sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari o‘rganildi. Kyonsan-Pukto viloyati va O‘zbekistonning turli hududlari ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish, B2B va B2G formatlarida qo‘shma biznes forumlari va muzokaralarni o‘tkazish istiqbollari qayd etildi.
Suhbat davomida kasb-hunar taʼlimi sohasidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Koreya tomonidan Kensan-Pukto viloyatidagi oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik talabalarni o‘qitish va kelgusida ushbu viloyatning yetakchi kompaniyalarida ishga joylashishlariga ko‘maklashishga tayyorlik bildirildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan "Inno texnopark" va “Akfa” universiteti hamda Koreya tomonidan "Gyonbuk texnopark" va “Yongnam” universiteti o‘rtasida imzolangan to‘rt tomonlama Memorandum doirasida qo‘shma startap loyihalarini amalga oshirish va ilg‘or texnologiyalar sohasida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda ish olib boorish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshiriish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida muntazam ravishda, shu jumladan, videokonferentsaloqa tarzida muzokaralar olib borishga kelishib oldilar.