30/May/2023 O’zbekiston dunyo nigohida
TOKIO, 30-may. /“Dunyo” AA/. Okinava prefekturasining markaziy nashrlari - «Ryukyu Shimpo» va «Okinawa times» gazetalarida O‘zbekiston elchixonasi delegatsiyasining ushbu prefekturaga amaliy tashrifi davomida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar hamda Naxa shahrida tashkil etilgan «O‘zbekistonning investitsiya va turizm salohiyati» mavzusidagi biznes-seminarga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, «Ryukyu Shimpo» kunlik gazetasi «O‘zbekiston elchisi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga eʼtibor qaratmoqda. Okinava biznes-doiralari uchun O‘zbekiston tanishtiruvi» sarlavhali maqolani mushtariylar o‘rtasida tarqatdi.
Unda Okinava prefekturasining Naxa shahrida tashkil etilgan tadbirda ushbu prefekturada faoliyat olib borayotgan biznes doira vakillari faol ishtirok etgani qayd etilgan. «Elchixona xodimlari tomonidan O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi yillarda olib borilayotgan faol islohotlar haqida batafsil maʼlumotlar ishtirokchilar eʼtiboriga taqdim etildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi bugungi iqtisodiy vaziyat, jumladan, sanoat sohalari va turizm salohiyati imkoniyatlari alohida taʼkidlandi», - deyiladi materialda.
Nashrda taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan bo‘lib, mamlakat aholisi doimiy ravishda o‘sib bormoqda, respublika tabiiy minerallarga boy.
«Okinawa Times» gazetasida bosilgan «O‘zbekiston elchisi Okinavaga tashrif buyurdi» sarlavhali maqolada elchining Okinava prefekturasiga tashrifi, prefektura gubernatori Denni Tamaki bilan o‘tkazgan samarali uchrashuvi tafsilotlari haqidagi maʼlumotlar qalamga olingan.
«O‘zbekiston elchisi va Okinavaga prefekturasi gubernatori Denni Tamaki o‘rasida kechgan muloqot intihosida tomonlar iqtisodiyot, sayyohlik va boshqa bir qator sohalarda tajriba almashish, hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi», - deb yozadi «Okinawa Times».