26/Noyabr/2021 Prezident
TOSHKЕNT, 26-noyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n beshinchi sammitida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining bundan avvalgi sammiti 2021 yil 4 mart kuni videoanjuman shaklida o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston IHTga 1992 yil 28 noyabr kuni a’zo bo‘lib kirgan. Tashkilot Kotibiyati va a’zo mamlakatlar O‘zbekistonni mintaqadagi muhim davlat deb biladi va respublikamiz bilan hamkorlikni yuksak qadrlaydi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari hisoblanishini ta’kidlash lozim. Xususan, 2020 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi 8,3 milliard dollarga teng bo‘ldi. Shu jumladan, eksport 4,3 milliard dollarni, import esa 4 milliard dollarni tashkil etdi. IHT mamlakatlari investorlari ishtirokida O‘zbekistonda 4,5 mingga yaqin qo‘shma va xorijiy korxonalar tashkil etilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning IHT bilan hamkorligi jadal rivojlanmoqda. 2018 yildan buyon tashkilot rahbariyati mamlakatimizga bir necha bor safar qilgan. Bosh kotib Hadi Sulaymonpur joriy yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Tashkilotning yangi bosh kotibi Husrav Noziriy 24 oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston vakillarining IHT shafeligida o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlardagi ishtiroki sezilarli darajada faollashdi. Mamlakatimiz rasmiy delegatsiyalari bosh prokurorlar, dengiz tashkilotlari rahbarlari, transport, turizm va qishloq xo‘jaligi vazirlari, shuningdek, tabiiy qazilmalar bo‘yicha ekspertlar guruhi va veterinariya tashkilotlari rahbarlarining yig‘ilishlarida ishtirok etmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mintaqaviy tuzilma bo‘lib, 1985 yil Tehronda tashkil etilgan.
Bugungi kunda tashkilotga 10 ta davlat - O‘zbekiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Eron, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Pokiston a’zodir.
Tashkilotga a’zo davlatlarning umumiy aholisi 500 million kishidan ortiq, davlatlararo savdo aylanmasi esa 900 milliard dollardan oshadi.
2021 yil 13 avgustdan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga Tojikiston vakili Husrav Noziriy bosh kotiblik qilmoqda.