07/Noyabr/2022 Iqtisodiy diplomatiya
MASQAT, 7 noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida O‘mon Sultonligining «Al Mawakab National Trading & Construction LLC» (MNT) kompaniyasi bosh menejeri Syu Yuxang bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agenligi muxbiri.
Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash joiz, MNT 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, yirik inshootlar, transport-logistika markazlari, suv va elektr stansiyalarni ishga tushirish kabi turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, kompaniya binolarda zamonaviy monitoring tizimlarini yaratish, dasturiy axborot-kommunikatsiyalar ishlab chiqishda ilg‘or tajribaga ega.
Suhbat davomida Farg‘ona viloyatining investitsion salohiyati, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi.
Syu Yuxang Farg‘ona viloyatini respublikada aholi soni bo‘yicha yetakchi hududlardan biri ekanini inobatga olgan holda, mazkur hududda axborot texnologiyalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit mavjudligini taʼkidladi. Shu sababli, viloyatdagi o‘rta taʼlim muassasalarida zamonaviy o‘qitish tizimini joriy etish va raqamli texnologiyalar markazlarini yaratish bo‘yicha qiymati 3 million AQSH dollari bo‘lgan loyihaning taqdimoti bilan tanishtirdi.
Kompaniya menejeri mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan holda kelgusida keng imkoniyatlarga ega sim-kartalar ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushirish, savdo-iqtisodiy sohani muvofiqlashtiruvchi elektron dasturni yo‘lga qo‘yish, Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida logistika markazini barpo etish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.