Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Oktabr/2021   Jamiyat

Neapol sharqshunoslik universitetida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurs ochildi


RIM, 22-oktabr. /«Dunyo» AA/.  O‘zbek tili bayrami kuni arafasida mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi ko‘magida Neapol sharqshunoslik universitetida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kursining ochilish marosimi onlayn shaklda o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston elchisi Otabek Akbarov, Neapol sharqshunoslik universiteti professori Tommazo Treviziani, ushbu oliy ta’lim muassasasining o‘zbek tili o‘qituvchilari Fransua Akakcha va Ayfer Durdu, talabalar ishtirok etdi.

Diplomatiya vakolatxonasi rahbari Italiyada ilk bor o‘zbek tili o‘quv kursi tashkil etilishi munosabati bilan samimiy qutladi. Mazkur o‘quv kursining ochilishi aynan O‘zbek tili bayrami kuni arafasida tashkil etilgani davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda chuqur ramziy ma’noga ega ekanligi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilariga o‘zbek tilining boy va qadimiy tarixi, xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri to‘g‘risida ma’lumot berildi.

O‘zbek tili taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar Mahmud Koshg‘ariy, Zamaxshariy, Yusuf xos Xojib, Ahmad Yugnakiy, Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy va Xorazmiy merosi ishtirokchilar e’tiboriga havola  etildi.  Shuningdek, XV asrda yashab ijod etgan buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy ijodi va uning asarlarida o‘zbek tilining beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlari ochib berilgani qayd etildi.

Tadbirda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilayotganiga alohida e’tibor qartildi. O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanilib, xalqaro yuksak minbarlarda yangrayotgani aytildi.

- Bugungi kunda dunyoda 50 millionga yaqin aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bizning maqsadimiz xorijda yashayotgan o‘zbeklarning ona tilini unutib yubormasligi va  o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan boshqa millat vakillariga zarur sharoitlarni yaratishdan iborat, - dedi elchi Otabek Akbarov. – Bu borada til o‘rganish markazlari va «O‘zbek tilining do‘stlari» klublari sonini ko‘paytirishga harakat qilayapmiz. Bu borada O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi oliy ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilishga va bu kabi tashabbuslarni doim qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Neapol sharqshunoslik universiteti Osiyo, Afrika va O‘rta yer dengizi mamlakatlari fakulteti professori Tommazo Treviziani barchani o‘zbek tili o‘quv kursi ochilishi bilan qutlash barobarida  yangi o‘quv kursi haqida ma’lumot berdi. 

- O‘zbek tilini o‘rgatish kursi Neapol sharqshunoslik universiteti talabalariga mo‘ljallangan bo‘lib, unda o‘zbek tili 3 oy davomida boshlang‘ich darajada o‘rgatiladi, -  dedi u. - Bugungi kunda turkiy xalqlar tadqiqotlari ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalardan 20 nafari o‘zbek tili kursiga qatnashmoqda. Ayni paytda mashg‘ulotlar Covid-19 pandemiyasi tufayli onlayn shaklda uyushtirilgan.

Onlayn-tadbirda tomonlar, shuningdek, ushbu  universitetda «O‘zbek tili» klubini ochish hamda o‘zaro talabalar almashuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.

Mavzuga oid

Energetika vazirligi Turkiyaning energet...

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi delegasiyasi Turkiya poytaxtida bo‘lib o‘tga...

Eʼtiqod erkinligini taʼminlash bo‘yicha ...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati kengashlarining qo‘shma qarorlari bilan tasdiql...

Hind ekspertlari: O‘zbekiston Prezidenti...

“Tillotoma Foundation” ilmiy tadbirlar tashkil etishga ixtisoslashgan tashkiloti bilan ham...

So`nggi yangiliklar