02/Fevral/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
TOSHKENT, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov O‘zbekistonning Xitoy elchisi Farhod Arziyev bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, hokimlik va elchixona masʼullari ishtirok etgan muloqotda tomonlar O‘zbekiston hamda Xitoyning barqaror iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti rejalariga mos keluvchi dolzarb masalalar bo‘yicha Xitoydagi yirik provinsiyalar va Navoiy viloyati o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdi.
Xususan, O‘zbekiston elchixona va Navoiy viloyati hokimligi o‘rtasida Navoiy – Xitoy savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini jadallashtirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi»ni imzolash bo‘yicha kelishib olindi.
Mazkur «yo‘l xaritasi»ga asosan joriy yilda bir qator ustuvor vazifalarni amalga oshirish belgilangan. Navoiy viloyati va Xitoyning Fuszyan provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik bitimini imzolash, viloyatda «O‘zbekiston-Xitoy sanoat parki»ni tashkil etish, unda kimyo, qurilish materiallari va sanoatning boshqa muhim yo‘nalishlarida investitsion loyihalarni amalga oshirish, “Navoiy” EIZ direksiyasi va Shenjen maxsus iqtisodiy zonasi kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish shular jumlasidandir.
Shuningdek, tomonlar fevral oyida Xitoy tajribasi asosida Navoiy viloyatida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazishga kelishib oldi.
Uchrashuvda viloyatda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yana-da oshirish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilayotgan muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish tizimlarini Navoiy viloyatidagi yirik sanoat korxonalarida joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusida quyosh panellalarini viloyat hududida ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashildi.
Bundan tashqari, muzokaralarda o‘zaro hamkorlikda tog‘-kon, kimyo, mashinasozlik, tekstil va to‘qimachilik, qurilish materiallari kabi qator sohalarni rivojlantirish istiqbolli ekanligiga eʼtibor qaratilib, tomonlar Navoiy viloyatida xitoylik investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda Xitoy tomonidan investitsiyalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni rivojlantirishga asos bo‘luvchi omillar va zaruriy sharoitlarni nazarda tutgan holda mazkur yo‘nalishdagi harakatlar barqarorligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar hamda tomonlarning vazifalari belgilab olindi.