Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/May/2022   Parlament

Munosib mehnat – Yangi O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini rivojlantirishning asosiy omili

TOSHKЕNT, 28 may. /“Dunyo” AA/. Kecha Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat dasturining “Yo‘l xaritasi”ni muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Senat Axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tadbir Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda mamlakatimiz va Xalqaro mehnat tashkilotining ekspertlari, mutasaddi vazirlik va idoralarning vakillari va ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirok etdi.
 Davra suhbatini Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun byurosi direktori Olga Kulayeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov hamda O‘zbekiston ish beruvchilari Konfederatsiyasi raisi Ilhom Xaydarov kirish so‘zlari bilan ochib berdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo davlat sifatida xalqaro majburiyatlariga to‘liq va qat’iy amal qilib, tashkilot bilan mamlakatimizda mehnat munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha izchil hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva ta’kidlab o‘tganinidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi hamkorlik butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi, mehnat munosabatlarini takomillashtirish va munosib mehnat tamoyillarini keng targ‘ib etish bo‘yicha qator loyihalar va dasturlar amalga oshirilgan. Natijada mehnat munosabatlari tizimi tubdan takomillashtirildi, sohaga xalqaro standartlar joriy etildi, fuqarolarning mehnat sohasidagi huquqlari izchil ta’minlanmoqda.  
O‘zbekistonning mehnat munosabatlarini takomillashtirish hamda sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish ishlariga tizimli va kompleks yondashuv xalqaro hamjamiyat, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda va xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
So‘zga chiqqanlar alohida ta’kidlaganidek, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan birinchi yirik dastur “2014-2016 yillarga mo‘ljallangan va keyinchalik 2020 yilga qadar uzaytirilgan “O‘zbekistonda munosib mehnat dasturi” bo‘ldi. Uning ijrosi to‘liq bajarilgan va sohani takomillashtirishga munosib hissa qo‘shgan.
Davra suhbati ishtirokchilari munosib mehnat sharoitlarini yanada takomillashtirish va yangi loyihalarni amalga oshirish maqsadida 2021 yilning sentabr oyida qabul qilingan «O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturi» va uni 2022-2023 yillarda amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Jumladan, “Yo‘l xaritasi”da munosib mehnat sharoitlarini takomillashtirishga qaratilgan 50 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lib,  ular mehnat qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashtirish, norasmiy bandlikni qisqartirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish kabi masalalarga qaratilganiga urg‘u berildi.
“Yo‘l xaritasi” mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarini targ‘ib qilishning o‘ziga xos asosiy formulasiga aylanadi va Yangi O‘zbekistonda fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi, shuningdek, iqtisodiy imkoniyatlarni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratishga, eng muhimi, iqtisodiyot, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi, – deb ta’kidladi T.Narbayeva.
Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar Yangi O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini rivojlantirishning asosiy omiliga aylanayotgani qayd etildi.
XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Byurosi direktori Olga Kulayeva O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, birinchi navbatda, mehnat munosabatlaridagi o‘zgarishlar Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan yuqori baholanishini ta’kidlab o‘tdi.
Xususan, yaqinda Janubiy Afrika Respublikasida bo‘lib o‘tgan “Bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha 5-Global konferensiya”da xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishda O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar yuksak baholanganligi, sohada erishilgan natijalar mamlakatda munosib mehnat tamoyillarini joriy etishda, aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi, shuningdek O‘zbekiston tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishi lozimligi ta’kidlanganligi qayd etildi.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan kichik guruhlarga bo‘lingan holda “O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha yangi Mamlakat dasturi”ni 2022-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi qayta ko‘rib chiqildi va uni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

 

Mavzuga oid

O‘zbekiston elchisi Latviya Seymi Prezid...

O‘zbekiston elchisi Qadambay Sultonov Latviya Seymi kotibi, Prezidium aʼzosi, Latviya par...

Senat Qo‘mitasi Investitsiyalar va tashq...

Kecha Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy inve...

O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ...

Kecha mamlakatimiz poytaxtida «O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli» ...

So`nggi yangiliklar