11/Fevral/2021 O’zbekiston dunyo nigohida
QOHIRA, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. Misr matbuoti mamlakat jamoatchiligini O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi so‘nggi yangiliklar bilan tanishtirishda davom etmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Al-Xabar al-youm” gazetasi O‘zbekiston saylov qonunchiligi sohasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga eʼtibor qaratgan. “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, deyiladi nashr tarqatgan xabarda.
O‘zgartirishga ko‘ra, Prezident saylovi, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi.
Muallif, shuningdek, saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari esa tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan tuzilishini maʼlum qilgan.
Endilikda xalq deputatlari tuman, shahar (bundan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi mustasno) Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tuzilmaydi, deb taʼkidlagan u.
Qonun rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi, deyiladi “Al-Xabar al-youm” xabarida.