15/Dekabr/2021 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
QOHIRA, 15 dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Qohira shahridagi elchixonasi tomonidan Misr Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi, livanlik ijodkor Tag‘rid Fayod va diplomatiya vakolatxonaga biriktirilgan Qashqadaryo viloyati faollari bilan hamkorlikda mamlakatimizdan tashrif buyurgan yosh yozuvchi va shoirlar uchun badiiy kecha tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Tag‘rid Fayod va “Inside Kashkadarya” jurnali muharriri Asror Allayorov sherikligida o‘zbek ijodkorlarining arab va ingliz tillariga o‘girilgan sheʼrlaridan iborat “O‘zbekiston – Uchinchi Renessans sari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Elchixona vakillari tomonidan mustaqillik yillarida, xususan, so‘nggi 5 yil davomida yurtimizda turli sohalarda erishilgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonning ochiq va do‘stona tashqi siyosati, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qator yirik qo‘shma loyihalar to‘g‘risida maʼlumot yetkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishga katta eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.
Misrlik ijodkorlar O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, mamlakatimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar, jumladan, Qohirada Nil daryosi suv hajmini aniqlaydigan maxsus o‘lchagichni yaratgan Ahmad Farg‘oniy xizmatlari yuksak eʼzozlanishi va chuqur hurmat bilan tilga olinishini alohida mamnuniyat bilan ko‘rsatib o‘tdi.
Tag‘rid Fayod ushbu tadbir shukuhi va mazmuniga ko‘ra avvalgilaridan tubdan farq qilganini taʼkidlab, bundan keyin ham birgalikda o‘zbek adiblari asarlarini arab tiliga tarjima qilish hamda adabiyot orqali arab va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yana-da mustahkamlash yo‘lida faol saʼy-harakat qilishga tayyorligini bildirdi.
Anjumanda o‘zbekistonlik adabiyot sohasi vakillari o‘rtasida bahru-bayt musobaqasi ham tashkil etildi.
Shuningdek, badiiy kecha davomida o‘zbek xalq musiqasi va raqslari ijro etildi, milliy tansiq taomlar taqdim etildi.
Tag‘rid Fayod Misr Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi, tarjimon:
- Ushbu adabiy-maʼrifiy kechada berilgan maʼlumotlar meni jahon adabiyoti namunalari orasidan haqli ravishda munosib o‘rin olgan o‘zbek mumtoz adabiyoti durdonalarini arab tiliga tarjima qilishga undamoqda. Ayni paytda “O‘zbekiston – Uchinchi Renessans sari” kitobiga kiritilgan asarlarni arab tiliga tarjima qilish jarayonida xalqingizning betakror madaniyati, maʼrifati va mehmondo‘stligini ich-ichimdan his qilganligimni alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman. Shuningdek, ushbu sheʼrlar orqali Qashqadaryo, Xorazm, Andijon kabi hududlarning o‘ziga xos tabiati, go‘zal manzaralari butun vujudimni o‘ziga chorladi.
Fursatdan foydalanib, o‘zbekistonlik hamkasblarim bilan birgalikda o‘zbek mumtoz adabiyoti durdonalarini arab tiliga tarjima qilishga tayyorligimni bildirmoqchiman. Zero ushbu hamkorlik orqali xalqlarimiz bir-birlarini yaqinroq o‘rganadi, mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik rishtalari esa yana-da mustahkamlanadi.
Mahrus Amir, “Kenooz Arabia” gazetasi bosh muharriri, yozuvchi:
- O‘zbekistondan Misrga kelgan ijodkorlar delegatsiyasi aʼzolari o‘zbek xalqi madaniyati va boy ilmiy-maʼrifiy merosi haqida maʼlumotlar taqdim etdi. Men o‘zbek adabiyoti naqadar yuqori cho‘qqilarga erishganini his qildim.
Darhaqiqat, O‘zbekiston boy va qadimiy tarixga ega buyuk davlatdir. O‘zbekiston arab mamlakatlaridan geografik jihatdan olisda joylashgan bo‘lsada, bugungi tadbir singari turli maʼrifiy-badiiy anjumanlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashga xizmat qiladigan badiiy kitoblar tarjimasini amalga oshirish tajribasini bundan keyin ham davom ettirishga tayyormiz. Shubhasiz, tarjima yo‘nalishidagi hamkorlik madaniy-gumanitar sohalardagi mavjud aloqalar ko‘lamini yana-da kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.