20/May/2022 Madaniyat
TOSHKENT, 20 may. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 21-25 may kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalida ishtirok etadigan Misr vakillari Qohiradan Toshkentga yetib keldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatmizning Qohiradagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, Misr delegatsiyasi rahbari Jahon hunarmandchilik kengashining Afrika bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Passent Nosir xonim bo‘lib, unga bir nafar mohir zargar va 3 nafar taniqli zardo‘z hamrohlik qilmoqda.
Shuningdek, festival doirasida tashkil etiladigan ilmiy anjumanda ishtirok etish uchun Qohiradagi “Hivor” axborot va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Ahmad Tohir ham Toshkentga yetib keldi.
Misr vakillari O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan har tomonlama qo‘llov uchun minnatdorlik bildirar ekan, festival yakuniga ko‘ra O‘zbekiston va Misr ustalari va mutaxassislari o‘rtasida mustahkam hamkorlik o‘rnatilishi hamda zardo‘zlik va zargarlik mahsulotlarining o‘zaro ayirboshlash hajmi oshishiga ishonch bildirmoqda.