Uz / Ўз Ru En

Toshkent

11/Sentabr/2021   Saylov - 2021

Markaziy saylov komissiyasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Ekologik partiyadan O‘zbekiston Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga oldi


TOSHKЕNT, 11 sentabr. /«Dunyo» AA/.  Bugun Markaziy saylov komissiyasi (MSK)ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri. 

MSK  matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, majlisni komissiya raisi Zayniddin Nizamxodjayev boshqardi.
Majlis kun tartibidan Alisher Qodirov va Narzullo Oblomuradovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi tavsifi va namunasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasining guvohnoma (mandat)lar uchun muhri namunasini tasdiqlash masalalari joy oldi.
Komissiya a’zolari dastlab O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Qayd etilganidek, joriy yilning 8 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi tegishli hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etgan edi. Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tuzilgan Ekspertlar guruhi tomonidan tekshirildi.
Majlisda xar ikkala partiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonun talablariga mosligi inobatga olinib, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Alisher Keldiyevich Qodirov hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Narzullo Naimovich Oblomuradov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.
Shuningdek, majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi va  Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan yana 6 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 32 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari jami 907 nafarni tashkil etmoqda.
Majlisda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi tavsifi va namunasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi 125x90 millimetr o‘lchamdagi to‘q yashil rangli qattiq charm muqovali kitobcha ko‘rinishiga ega bo‘ladi.
Qayd etish joiz, Saylov kodeksining 40-moddasiga muvofiq, nomzod etib ro‘yxatga olingan shaxsga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi beriladi. Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashg‘ulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh (35) kun qolganida tugallanadi.
Majlisda MSK a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasining guvohnoma (mandat)lar uchun muhri namunasi ham tasdiqlandi.
Majlis so‘ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasida v...

Mamlakatimizning Birlashgan Arab Amirliklaridagi (BAA) elchixonasida ushbu mamlakatda isti...

Turkiy Kengash kuzatuvchilari missiyasi...

Bugun Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kenga...

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston ...

Bugun Markaziy saylov komissiyasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston l...

So`nggi yangiliklar