26/Mart/2023 Konstitutsiyaviy islohotlar
KUALA-LUMPUR, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Malayziyaning “Hextar Global Group” kompaniyalar guruhi raisi Ervan bin Mohd Tohir bilan muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv chog‘ida Malayziya tomoniga Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish surʼatlarini taʼminlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, zamonaviy iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ularning huquqiy asoslari to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Shuningdek, O‘zbekistonda olib borilayotgan konstitutsion islohotlar jarayoni haqida ham so‘z bordi.
Tadbir davomida Ervan Tohir O‘zbekistonda ro‘y berayotgan iqtisodiy o‘zgarishlarga yuqori baho berar ekan, o‘z kompaniyasi mamlakatimizning ishbilarmon doiralari vakillari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi. U O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi qo‘shni mamlakatlarga mahsulot eksport qilishda o‘ziga xos xab vazifasini bajarishini taʼkidladi.
Malayziya tomoni o‘zaro hamkorlik doirasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan ham qiziqish bildirdi.
Uchrashuv natijasida Malayziya kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetika, maxsus kimyo vositalarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekistondan Malayziyaga kimyoviy o‘g‘itlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
“Hextar Global Group” kompaniyalar guruhi 1985 yilda Malayziya qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. U agrokimyo mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Malayziyaning eng yirik kompaniyasi hisoblanadi. “Hextar Global Group” xalqaro miqyosdagi konglomerat bo‘lib, tarkibida 25ta kompaniya faoliyat yuritadi.