Uz / Ўз Ru En

Toshkent

06/Iyul/2022   Tarix

Malayziyada saqlanadigan O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalarning birinchi katalogi yaratildi

KUALA-LUMPUR, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ishtirokida Imom Buxoriy xalqaro tadqiqot markazi  va Malayziya Xalqaro Islom universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida «Malayziyada saqlanayotgan O‘zbekiston va Mavorounnahr qo‘lyozmalari» mavzusida onlayn-seminar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Tadbirda ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbariyati va ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Malayziya vakillari O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasining boy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarga yuqori baho berdi. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro stipendiya dasturi ishtirokchisi, Malayziya Xalqaro Islom universiteti bo‘lim boshlig‘i, «Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida joylashgan O‘zbekiston va Transoksiana olimlarining qo‘lyozmalari» mavzusi tadqiqotchisi, professor Muhammad Said insoniyat tamaddunining  ko‘plab sohalariga fundamental hissa qo‘shgan Markaziy osiyolik olim va mutafakkirlarning boy ilmiy merosini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan mintaqa tarixiga oid nodir qo‘lyozmalarni o‘rganish va kataloglashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Tadqiqot ishlari davomida Malayziyadagi Sayyid Muhammad Naqib Attos kutubxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston va Mavorounnahr olimlarining arab tilida bitilgan qo‘lyozmalari katalogi yaratildi. Unda Islom huquqi, Qurʼon tadqiqoti, hadis, arab tilining mantiq va grammatikasi kabi  20 ta  yo‘nalishda 150 ta qo‘lyozma asar haqidagi maʼlumotlar jamlangan.

Tadbir yakunida mazkur katalogni o‘zbek tiliga tarjima qilish, ushbu nodir nashrlarning faksimil nusxalarini yaratish va qo‘lyozmalarni boshqa tillarga tarjima qilish masalasini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Indoneziya, Singapur, Bruney, Filippin, Vyetnam, Kambodja va Tailanddagi kutubxonalarda O‘zbekiston tarixiga oid qo‘lyozmalarni qidirish va kataloglashtirish ishlarini davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Mavzuga oid

Ikkinchi jahon urushi davrida Stalingrad...

Bugun Stalingrad qamalidagi g‘alabaga 80 yil to‘ldi

Isroil matbuoti Ikkinchi jahon urushi da...

Isroilning ingliz tilida chop etiladigan “The Jerusalem Post” gazetasida “Isroil elchixona...

Minskda Ikkinchi jahon urushida qozonilg...

Belarus Ulug‘ vatan urushi tarixi davlat muzeyida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘ala...

So`nggi yangiliklar