30/May/2023 Sayyohlik
MADRID, 30-may. /“Dunyo” AA/. 29-may kuni BMT Jahon sayyohlik tashkilotining (YUNVTO) Madrid shahridagi shtab-kvartirasida joriy yil oktyabr oyida Samarqand shahrida YUNVTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi BMT va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasidagi kelishuvni rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kelishuvni rasmiy imzolash marosimi O‘zbekiston delegatsiyasining Ispaniyaga tashrifi doirasida tashkil etildi.
YUNVTO nomidan hujjatni tashkilot bosh kotibi Zurab Pololikashvili, O‘zbekiston tomonidan tabiiy resurslar vaziri Aziz Abduhakimov imzoladi.
Tadbir davomida «YUNVTO bilan O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi o‘rtasida Samarqand shahrida YUNVTO bilan hamkorlikda Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro Anglashuv memorandumi» ham imzolandi.
Shuningdek, uchrashuv davomida «Eriell Group» kompaniyasi rahbari Baxtiyor Fazilov xalqaro turizmni rivojlantirishga qo‘shgan alohida hissasi uchun YUNVTOning eʼtirof belgisi bilan taqdirlandi.
YUNVTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili tadbir so‘nggidagi nutqida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan global tadbir, shubhasiz, turizm olamida tarixiy voqea bo‘lishini taʼkidladi.
«O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi, ulkan ilmiy, madaniy va meʼmoriy merosning saqlovchisi. Bugun O‘zbekiston jadal taraqqiy etayotgan, iqtisodiyoti tez surʼatlarda rivojlanayotgan, o‘zining qudratli salohiyatini dunyoga ochayotgan mamlakatdir. Tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar shakllanayotganini yaqqol kuzatmoqdamiz, buning natijasida tashqi va ichki turizmga bo‘lgan talab jadal surʼatlar bilan oshib bormoqda. O‘zbekiston sayyohlik sohasida tan olingan yetakchi davlatlardan biridir. Shu bilan birga, O‘zbekiston turizm sohasi eng yosh tarmoqlardan biri bo‘lsada, o‘z rivojlanishida ko‘plab sohalardan oldinda»,- dedi Zurab Pololikashvili.
YUNVTO rahbari, shuningdek, 2022 yilning 7 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirizyoyev bilan uchrashuvini mamnuniyat bilan esga oldi.
«O‘zbekiston Prezidenti chuqur bilim egasi va turizm masalalarini juda yaxshi tushunadi. Uning rahnamoligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qatʼiy qo‘llab-quvvatlashimni hamda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNVTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi munosib saviyada o‘tishiga ishonch bildirmoqchiman», - dedi YUNVTO bosh kotibi.