21/Oktabr/2021 Iqtisodiy diplomatiya
LONDON, 21-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari Londonda «ICBC Standard Bank» bankining MDH bozorlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Vladimir Guber va uning o‘rinbosari Anna Abramenko bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Bank rahbariyatiga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli moliyaviy-iqtisodiy islohotlar, jumladan, bank tizimini takomillashtirish, moliyaviy-makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasida axborot berildi.
Vladimir Guber O‘zbekitonda so‘nggi yillarda hayotga tadbiq etilayotgan o‘zgarishlarga yuqori baho berar ekan, bugungi kunda O‘zbekiston «ICBC Standard Bank»ning MDHdagi faoliyati uchun istiqbolli bozor ekanini ta’kidladi. Bank kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi kredit liniyalarini ochish, bank-moliya sohasi mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha yirik banklar va davlat korxonalari orasidan o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi tasdiqlandi.
Muzokaralar natijasida 2022 yilda O‘zbekistonda davlat aktivlarini keng miqyosda xususiylashtirish bo‘yicha investitsiya fondlari, konchilik va energetika sohasidagi yirik korporatsiya va kompaniyalar uchun qo‘shma taqdimot tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.