Uz / Ўз Ru En

Toshkent

30/Noyabr/2022   Sayyohlik

Kuvaytda «O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

AL-KUVAYT, 30-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kuvayt universitetida «O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti» mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Ilmiy anjuman O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlar bo‘yicha qo‘mita, Xalqaro islom akademiyasi, Kuvayt universiteti va mamlakatimiz elchixonasi tomonidan tashkil etildi.

Tadbirda Kuvaytdagi rasmiy hamda ilmiy doiralar vakillari, tadqiqotchi olimlar, tarix, adabiyot va sanʼat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdilar.

Uch sessiyadan iborat ushbu konferensiya ishida O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasining professor-o‘qituvchilari, xorij tomonidan, Kuvayt universiteti professorlari Faysal Taha va Sanad Abdulfattoh, Saudiya Arabistonidagi Imom Muhammad ibn Saud universiteti professori Ibrohim al-Muzayni, Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet professori Nadia Alem Qurban, Badr
ar-Rashidi, Arabiston yarim oroli bo‘yicha Fransiya ilmiy tadqiqotlar markazi rahbari Makram Abbosning O‘zbekiston zaminining buyuk mutafakkir allomalari hamda Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi to‘g‘risidagi maʼruzalari tinglandi.

Jumladan, professorlar Sanad Abdulfattoh, Nadia Qurban, Badr ar-Rashidi o‘z maʼruzalarida hijriy 2 asrdan 5 asrga qadar Samarqand va Buxoroda turli yo‘nalishlardagi ilm-fanning rivojlanishi ilk taʼlim muassasalari – ilm dargohlari bo‘lmish madrasalarning shakllanishiga xizmat qilgani, ular esa o‘z navbatida nafaqat mintaqaning balki islom olamining taraqqiyoti va ravnaqiga xizmat qilganini taʼkidladilar.

Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi huzuridagi madaniyat va asori-atiqalar bo‘yicha qo‘mita raisi, Kuvayt universiteti adabiyot fakultetining dekani professor Abdulhodi al-Ajmi o‘zining O‘zbekistonga safari mobaynida islom dini, ilm va madaniyati durdonalari bo‘lmish qadimiy shaharlarni ziyorat etgani va respublikamizning hozirgi kuni bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lganini so‘zlab berdi.

Kuvaytlik olim vatanimizda izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qatorida mamlakat rahbariyati tomonidan taʼlim va ilm-fanga alohida eʼtibor qaratilayotgani, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevoriga asos solinganini taʼkidladi.

Abdulhodi al-Ajmi yaqinda Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi (FKADHK) huzuridagi madaniyat va asori-atiqalar bo‘yicha qo‘mita raisi lavozimiga tayinlangani bois,
2023 yilning may oyida Samarqandda FKADHKga aʼzo davlatlar (Saudiya, BAA, Kuvayt, Qatar, Bahrayn, O‘mon) va O‘zbekistondagi sharqshunos olimlar ishtirokida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Uning aytishicha, mazkur tadbirni Sharq tamadduni poytaxti bo‘lmish Samarqandda o‘tkazilishi chuqur ramziy maʼnoga ega bo‘lib, islom va arab dunyosiga O‘zbekistondagi buyuk ilmiy-madaniy meros asosida asos solinayotgan Uchinchi Renessans haqida yaqindan tanishishga xizmat qiladi.

Anjuman ishida ishtirok qilgan kuvaytlik hamda saudiyalik olimlar tadbir yuqori saviyada o‘tkazilgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik izhor etib, ilmiy doiralar vakillari o‘rtasidagi bu kabi muloqotlarni muntazam tashkil etish istagini bildirdilar.

Kuvayt tomoni «O‘zbekiston - buyuk allomalar yurti» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi maʼruzalari arab davlatlaridagi  yetakchi nashrlardan biri - «Gumanitar fanlar bo‘yicha ilmiy jurnal»ning maxsus sonida chop etilishini maʼlum qildi.

Mavzuga oid

Xorijlik sayyohlar uchun O‘zbekistonda c...

Xorijlik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab turistik charter poyezdi yo‘lga qo‘yilmoqda...

Germaniyaning “Spiegel” jurnali O‘zbekis...

An'anaviy dam olish maskanlari germaniyalik sayyohlar uchun o‘z jozibasini yo‘qotib, kompl...

Janubiy Koreya kompaniyasi rahbari Toshk...

Avval xabar qilinganidek, mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasi ko‘magida “Daewo...

So`nggi yangiliklar