Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/May/2022   Sayyohlik

Joriy yildan boshlab O‘zbekistonda har yilning kuz faslida “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” o‘tkaziladi

TOSHKENT, 23-may. /“Dunyo” AA/.  2022 yildan boshlab O‘zbekistonda har yili noyabr oyining birinchi haftasida “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Turizm va madaniy meros vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning shu haqdagi takliflari asosida Vazirlar Mahkamasining qarori eʼlon qilindi. Unda qayd etilganidek, mazkur xalqaro haftalikning tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizdagi mavjud ziyorat turizmi salohiyatidan yana-da unumli foydalanish, O‘zbekiston zaminini dunyo sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida namoyon qilish, jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarning yuqori eʼtiroflariga sazovor bo‘lish, shuningdek, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm eksportini yuksaltirish bilan izohlanadi.    

Xalqaro haftalik doirasida har yili Samarqand, Buxoro va Toshkentda  diniy kitoblar, diniy ulamolarning asarlari va O‘zbekistonda chop etilgan Qurʼoni karim hamda mavzuga doir suvenir mahsulotlari ko‘rgazmalari, “Kungil ohanglari” festivali, “Zamonaviy islomiy meʼmorchilik” hamda “Islom hattotligi va naqqoshlik” ko‘rgazmalari, “Milliy liboslar ko‘rgazmasi”, “Halol taomlar festivali”, “Halol turizm” konferensiyasi, “Islom iqtisodiyoti” davra suhbati, ziyorat turizmini rivojlantirishga oid seminarlar, ilmiy-amaliy anjuman va maʼrifiy-madaniy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mazkur tadbirlar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida atroflicha yoritilishi nazarda tutilgan holda matbuot anjumanlari va brifinglar tashkil etilishi ham belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarorida Xalqaro haftalik va uning doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish, ularda xorijlik nufuzli ekspertlar,  mutaxassislar va OAVlari vakillarining ishtirokini taʼminlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi va Ichki ishlar vazirliklari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi va boshqa mutassaddi idora hamda tashkilotlarga tegishli vazifalar yuklatilgan.

Mavzuga oid

Saudiya Arabistonidagi Buxoriylar diaspo...

Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Saudiya Arabistonidagi Buxo...

2020 yilda O‘zbekistonga xorijdan 1,5 m...

2020 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadda tashrif buyurgan chet el f...

2021 yilda O‘zbekistonga qariyb 1,9 mill...

2021 yilda O‘zbekistonga turizm maqsadida tashrif buyurgan chet el fuqarolari soni 1 milli...

So`nggi yangiliklar