24/Iyun/2022 Vatandoshlarimiz
SEUL, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi tomonidan Janubiy Koreyaning Koje shahrida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvanju shahridagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda vatandoshlar bilan uchrashuv va sayyor konsullik xizmatlari tashkil etildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida shartnoma asosida ishlayotgan ishchilarimizning turli masalalari bo‘yicha maslahatlar berildi. Vatandoshlarimiz tomonidan Koreya Respublikasi tartib-qoidalarini buzish holatlari uchrab turganiga eʼtibor qaratilib, qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishga chaqirildi.
Konsullik-huquqiy masalalari bo‘yicha sayyor qabullar jarayonida konsullik ro‘yxatiga kirish, xorijga chiqish pasporti va FXDYO hujjatlarini rasmiylashtirish tartib-qoidalari tushuntirilib, fuqarolarga bir necha turdagi konsullik harakatida xizmatlar ko‘rsatildi.
O‘z o‘rnida vatandoshlar qabul jarayonidan o‘zlariga kerakli hujjatlar va maslahatlarni olganliklaridan mamnun ekanini bildirdi.
Uchrashuv do‘stona va ishchanlik ruhida o‘tdi.