24/May/2022 Vatandoshlarimiz
SEUL, 24-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Koreya Respublikasining Bandlikka ruxsat berish (EPS) tizimi orqali O‘zbekistondan ushbu mamlakatga E-9 vizasi asosida fuqarolarimiz muntazam ravishda kirib kelmoqda, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, joriy yil 16 may kuni vatandoshlarimizdan iborat navbatdagi guruh Janubiy Koreyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida tashkiliy tarzda keldi.
Mehnat migrantlarimizning har bir guruhi bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ushbu davlatdagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimizning Seul shahridagi elchixonasi vakillari ishtirokida onlayn-muloqotlar tashkil etish anʼanaga aylangan.
Elchixona tomonidan tashkillashtirilgan navbatdagi onlayn-tadbirda yurtdoshlarimizga konsullik-huquqiy xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, migratsiya va huquqiy yo‘nalishda yordam berish va qabul tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Vatandoshlarimizga mazkur davlat qonun va qoidalari batafsil tushuntirildi, qonuniy mehnat faoliyatining va ish joyini o‘zgartirmasdan ish olib borishning afzalliklari haqida maʼlumot berildi.
O‘rnatilgan tartib intizomga rioya qilish kelgusida Koreya Respublikasi bilan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik barqaror bo‘lishiga bevosita taʼsir ko‘rsatishi alohida taʼkidlandi.