29/May/2023 Dolzarb
SЕUL, 29 may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo Iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqiga munosabat bildirar ekan, Janubiy Koreya Xalqaro iqtisodiy siyosat institutining Rossiya-Yevroosiyo guruhi rahbari Pak Jung Xo quyidagi fikr-mulohazalarini «Dunyo» axborot agentligi bilan o‘rtoqlashdi:
- O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan jahon iqtisodiyoti tizimiga integratsiyalashuv samaradorligiga, ayniqsa, mintaqaga yaqin davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga bog‘liqdir, deb hisoblayman. Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistonning mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorligining dolzarbligi yaqqol ko‘rinadi. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda O‘zbekiston kuzatuvchi maqomini olganidan beri YEOII sammitlarida an’anaviy tarzda ishtirok etmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining o‘ttizinchi yig‘ilishida videoaloqa orqali ishtirok etdi. Ushbu yig‘ilishni katta qiziqish bilan kuzatdim.
Mazkur yubiley sammitida mintaqaviy hamkorlikning eng muhim masalalariga to‘xtalib o‘tildi, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, shuningdek, transport-kommunikatsiya tarmog‘ini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish bo‘yicha takliflarini juda dolzarbdir, deb hisoblayman.
Muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish borasida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish ahamiyatiga e’tibor qaratar ekan, O‘zbekiston yetakchisi Shimol – Janub xalqaro yo‘laklarini va mintaqani Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi boshqa magistrallarni rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston rahbari tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, “O‘zbekiston – Afg‘oniston - Pokiston” temir yo‘li qurilishini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi ishiga qo‘shilish va yana qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘ylaymanki, O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslarining muvaffaqiyatli hayotga tadbiq etilishi Yevroosiyo mintaqasida integratsiya jarayonlarini faollashtirish va «hamjihatlik ruhi»ni yaratishga ko‘maklashadi.