27/May/2022 Ta'lim
TOSHKENT, 27-may. /“Dunyo” AA/. Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda Janubiy Koreyaning Hankuk universiteti olimlari tomonidan o‘zbek tilini o‘rganayotgan koreyslar uchun «O‘zbek tili. Standart darslik» kitobi nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi maʼlumotiga ko‘ra, ushbu nashr O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutning Sotsiolingvistika bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Yorqinjon Odilov va Janubiy Koreyaning Hankuk universiteti professorlari Aziza Mashrabbekova va Leye Jiyeon hamkorligida tayyorlangan.
Darslik V2 darajasi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda koreys talabalarining o‘zbek tili grammatik tuzilmalarining turli variantlaridan foydalangan holda dolzarb, ijtimoiy ahamiyatli mavzularda professional muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsad qilingan. Darslikdagi mashq va topshiriqlar oldin o‘rganilgan grammatik shakl va qurilmalardan nutqda erkin foydalanish malakalarini egallash va ularni yana-da rivojlantirishga yo‘naltirilgan, tegishli mavzular doirasida o‘quvchilarning lug‘at boyligini oshiradigan materiallar ham o‘rin olgan.
Kitobdan o‘zbek tilini o‘rganyotganlarga avval o‘tilgan grammatik qoidalarni takrorlashga yordam beradigan topshiriqlar bilan birga, ko‘makchi feʼllar, o‘zlik olmoshlari, yangi faol iboralar o‘rin olgan.
Darslikning ilova qismiga qoliplashgan birikma va birikuvlar, ko‘makchi feʼlli qo‘shilmalar, undov so‘zlar, o‘zbek tili tinish belgilari va boshqa foydali maʼlumotlar kiritilgan.
Har bir mavzuga o‘zbek madaniyatini tarannum etadigan qiziqarli matnlar tanlangan.