30/Iyun/2022 Vatandoshlarimiz
SEUL, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. 30-iyun – Yoshlar kuni bayrami munosabati bilan Seuldagi elchixonasi tomonidan Janubiy Koreyada tahsil olayotgan talabalar ishtirokida «Yoshlar – kelajagimiz tayanchi» mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir ishtirokchilariga bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati davlat darajasiga ko‘tarilgani, yosh yigit-qizlarimiz uchun yaratilayotgan keng ko‘lamdagi imkoniyatlar, ularning ilm olishi, o‘qib-o‘rganishi, qizg‘in faoliyat ko‘rsatishi uchun qaratilayotgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Har qanday millat istiqboli va mamlakat qudratini eng avvalo ilmli, maʼrifatli, dunyoqarashi keng ilg‘or fikrlaydigan tashabbuskor va fidoiy yoshlar hal etishi, yurtimizda yoshlarga bildirilayotgan ishonch yildan yilga mustahkamlanib, ularning jamiyatda faol bo‘lishi, o‘qib ilm olishi va yurt ravnaqi yo‘lida munosib mehnat qilishi uchun qulay imkoniyatlar taqdim qilinayotgani taʼkidlandi.