Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/Iyun/2022   Sayyohlik

Janubiy Koreyada o‘tkazilgan xalqaro turizm yarmarkasida O‘zbekiston milliy stendi katta qiziqish uyg‘otdi

TOSHKENT, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida Osiyo mintaqasidagi eng yirik sayyohlik ko‘rgazmasi hisoblangan «Korea World Travel Fair 2022» (KOTFA) yakunlandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Har yili o‘tkaziladigan mazkur nufuzli ko‘rgazma butun dunyodan turoperatorlar va turagentlar, shuningdek, xalqaro aviakompaniyalar, milliy va mintaqaviy turizm kengashlari, mintaqaviy turizm maʼmuriyatlari, yirik mehmonxona majmualari, dam olish maskanlari va sohaning boshqa vakillarini jamlaydi.

Joriy yil ko‘rgazmada 60 dan ortiq davlatdan 500 ga yaqin sayyohlik sanoati vakillari va 100 mingdan ziyod tashrif buyuruvchi ishtirok etdi.

Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati, shuningdek, “Ameks Travel” sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan yurtimiz tarixi, boy madaniyati va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan O‘zbekiston milliy stendi ko‘plab tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Milliy stendda hunarmandchilik, zargarlik, yog‘och o‘ymakorligi, ipakchilik va boshqa xalq amaliy sanʼati namunalari, O‘zbekistonning tarixiy-madaniy va meʼmoriy merosi, mamlakatimiz mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, shuningdek, turizm infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga oid videofilmlar namoyish etildi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda turizmning ziyorat, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik, sport, tadbirkorlik, yoshlar va oilaviy kabi yangi turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida maʼlumot berildi.

Qatnashchilar respublikamizning tarixiy-madaniy diqqatga sazovor joylari, shuningdek, mamlakatimizning turizm sohasidagi imkoniyatlari, ko‘rsatilayotgan xizmat turlari, mehmonxonalar, turoperatorlar va agentliklar faoliyati haqidagi maʼlumotlarni katta ishtiyoq bilan qabul qildi.

Qo‘rgazma ishtirokchilariga videomateriallar namoyishi orqali O‘zbekistonning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining qadimiy meʼmoriy yodgorliklari, mamlakatimizning turli hududlaridagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, o‘zbek milliy taomlari va boshqa mavzularda to‘liq maʼlumot beriladi.

O‘zbekiston ko‘rgazmasi mehmonlariga koreys va ingliz tillarida rang-barang bukletlar va boshqa axborot materiallari, esdalik sovg‘alari topshirildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston stendiga tashrif buyuruvchilar ishtirokida mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda “#Uzbekistan”, “#visituzbekistan” shiori ostida aksiya tashkil etildi. Natijada ko‘rgazma davomida yuzlab xorijiy obunachilar o‘zlarining internetdagi sahifalarida O‘zbekiston haqidagi suratlarni joylashtirdi.

O‘zbekiston stendiga tashrif buyurgan mehmonlar mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini yuqori baholadi.

Kim Yong Xyon, Janubiy Koreya turizm tashkiloti vakili:

 - Janubiy koreyaliklar orasida O‘zbekiston poytaxti – Toshkent, shuningdek, Samarqand, Buxoro kabi boy tarixga ega bo‘lgan shaharlar juda mashhur. Afsuski, men hali O‘zbekistonda bo‘lmaganman, lekin kelgusi yilda betakror mamlakatingizga albatta tashrif buyurishni rejalashtirganman.

O‘z navbatida, safar oldidan mahalliy aholi orasida O‘zbekistonni xorijiy sayohatlar uchun qulay yo‘nalish sifatida astoydil targ‘ib qilish niyatidaman.

An Byong Cheol, “Ameks Travel” sayyohlik kompaniyasi prezidenti:

- O‘zbekiston vakillari, jumladan, “Uzbekistan Airways” Milliy aviakompaniyasi ushbu ko‘rgazmada faol ishtirok etayotganidan xursandman. Ishonchim komilki, bu O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini ommalashtirish uchun yaxshi zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Agentligimiz Janubiy koreyalik sayyohlarni O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha faol ishlarni olib bormoqda. Biz aviachiptalarni sotish, turistik sayohatlarni rivojlantirish bilan shug‘ullanamiz. 2022 yilda Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarga 400 nafar sayyoh yubordik.

O‘zbekiston Janubiy Koreya aholisi orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbekiston biznikiga o‘xshash madaniyatga ega bo‘lishidan tashqari, ko‘plab sayyohlik maskanlari ega. Shuning uchun, O‘zbekiston bizning yurtdoshlarimiz sayohat qilishni istagan mamlakatlardan biriga aylandi.

Mavzuga oid

Dehli – London yo‘nalishida avtobusda ta...

Hindistonning «Adventures Overland» sayyohlik agentligi o‘z mijozlariga Dehlidan Londongac...

Yaponiyada Toshkent shahrining targ‘ibоt...

Shu kunlarda Yaponiyada mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrining sayyohlik salohiyati fao...

O‘zbekiston «EMITT-2020» xalqaro ko‘rgaz...

O‘zbekiston delegasiyasi Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro sayyohlik...

So`nggi yangiliklar