28/Noyabr/2022 Iqtisodiy diplomatiya
TOSHKENT, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (ITSV) O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan Janubiy Koreyaning 30 dan ortiq kompaniyasi rahbarlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri
ITSV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda manfaatdor vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi diplomatik vakolatxonasi vakillari ham ishtirok etdi.
Muloqotda energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, qurilish, geologiya, sog‘liqni saqlash, muhandislik va taʼlim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Janubiy Koreyalik investorlar ularni qiynab kelayotgan masalalarni aytib, loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha konstruktiv takliflar bilan o‘rtoqlashdilar. O‘z navbatida, vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimliklar vakillari tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan atroflicha javoblar berildi va yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqildi.
Davra suhbati yakunida loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, muddatlar va masʼul ijrochilar belgilangan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Unda, shuningdek, ilgari surilgan takliflarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar ham o‘z aksini topadi.