22/Aprel/2022 Iqtisodiy diplomatiya
TOSHKЕNT, 22 aprel. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Tokio shahrida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) raisi Tadashi Maeda bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma’lum qilishicha, muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatda Bankning investitsiya portfelini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
JBIC uzoq vaqt davomida yirik sanoat va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lib kelgani ta’kidlandi.
Hozirgi kungacha Bank resurslarini jalb qilgan holda mamlakatda energetika, axborot-kommunikatsiya sohasi va turli boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik 11 loyiha amalga oshirildi, Yaponiya tomoni shundan 1,4 milliard dollarni investitsiya sifatida kiritdi.
O‘zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishga yapon biznesining jalb etishni faollashtirishda ijobiy tendensiyalar kuzatilayotganligi alohida ta’kidlandi. “Energy de France” (Fransiya), “Nebras Power Investment Management B.V.” (Katar), “Sojitz Corporation” va “Kyuden International” (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi tomonidan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida quvvati 1600 MVtga teng bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasini barpo etish loyihasi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu loyiha Yaponiya kompaniyalari o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hisobidan ishtirok etayotgan eng yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalaridan biridir. O‘zbekiston tomoni JBICning ushbu loyihani moliyalashtirish bo‘yicha tashabbusini olqishladi hamda Yaponiya tomonini uning muvaffaqiyatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligiga ishontirdi.
Uchrashuvda Yaponiya yetakchi kompaniyalarining suvni tejaydigan texnologiyalaridan foydalangan holda O‘zbekistonning suv ta’minoti sohasida yangi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish maqsadida munosabatlarni faollashtirishga kelishildi.
Dlya telegram: ITSV: Yaponiya xalqaro hamkorlik banki O‘zbekistonda xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi