Uz / Ўз Ru En

Toshkent

17/Mart/2021   Iqtisodiy diplomatiya

ITSV: O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Yaponiya biznes federatsiyasi bilan o‘tkazilgan onlayn-konferensiyada ishtirok etdi

TOSHKЕNT, 17 mart. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov kecha Yaponiya biznes federatsiyasi (Keydanren) bilan o‘tkazilgan videokonferensiyada ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma’lum qilishicha,  Yaponiya yetakchi kompaniyalarining 300 ga yaqin rahbar va vakillari ishtirok etgan mazkur anjuman O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining o‘tgan yilning dekabr oyida Yaponiyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar amaliy ijrosining davomi bo‘lib, O‘zbekistonda biznes yuritish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarni keng targ‘ib qilishga mo‘ljallangan.

Tadbirda Yaponiya tomoniga Federatsiyaning «Yaponiya-MDH» biznes hamkorligi Qo‘mitasi raisi Fumiya Kokubu rahbarlik qildi. Biznes-anjumanda «Itochu Corporation», «Japan Tabako», Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO), Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC), «Marubeni Corporation», «Mitsubishi Corporation», «Mitsubishi Electric», «Nippon Express», «Mitsui & Co.», «Panasonic Corporation», «Shimizu Corporation», «Sumitomo Corporation», «Toyota Tsuse Corporation», «Yokogawa Electric» va boshqa kompaniyalar kabi 25 Keydanrenga a’zo yetakchi tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston tomoni O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi siyosiy, diplomatik hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning joriy holati va istiqbollarini atroflicha ochib berdi, shuningdek, O‘zbekiston bozorida Yaponiya biznesini tizimli qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

Fumiya Kokubu ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy, texnik va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda ijobiy tendensiyani qayd etdi. Uning zamirida 2019 yilning dekabr oyida Yaponiyaga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga qaratilgan tegishli vazirlik va idoralarning samarali hamkorligi yotibdi.

Ochiq muloqot tarzida kechgan biznes-anjumanda Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish istiqbollarini hamda kelgusida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish uchun eng jozibador sohalarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu Yaponiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Tadbir davomida savol-javoblar sessiyasi ham o‘tkazilib, unda yaponiyalik ishbilarmonlar va tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumot oldilar.

Tadbir yakunida «Yaponiya-MDH» biznes hamkorligi Qo‘mitasi raisi Fumiya Kokubu boshchiligidagi Keydanren delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda Toshkent shahrida O‘zbekiston – Yaponiya biznes – forumini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid

Toshkentda O‘zbekiston va Ozarbayjon iqt...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Um...

Rigada qonuniy mehnat migratsiyasini tas...

O‘zbekiston elchisi Qadambay Sultonov Latviyaning yirik qurilish kompaniyalaridan biri - «...

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari va Y...

Bryussel shahrida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savd...

So`nggi yangiliklar