Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/Dekabr/2021   Iqtisodiy diplomatiya

ITSV: “EXPO 2020 DUBAI” Butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekistonning milliy kuni


TOSHKЕNT, 9-dekabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 8 dekabr kuni Dubay shahrida (BAA) “EXPO 2020 DUBAI” Butunjahon ko‘rgazmasi doirasida Al Wasl Plaza ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston Respublikasining Milliy kuni - mamlakatimiz tarixi, zamonaviy taraqqiyoti va salohiyatiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma’lumotiga ko‘ra, tadbir O‘zbekiston va BAA davlat bayroqlarini tantanali ko‘tarish marosimi bilan boshlandi. 

Tantanali marosimda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Birlashgan Arab Amirliklari Vazirlar Mahkamasi a’zosi, bag‘rikenglik va hamjihatlik vaziri Shayx Nahayon bin Muborak Ol Nahayon ishtirok etdi. Delegatsiyalar rahbarlari o‘z qutlov so‘zlari chog‘ida O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada ekanini, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidladi.

“EKSPO – ommaviy diplomatiya va milliy brending uchun noyob platforma. Ishtirokchi mamlakatlar texnologik innovatsiyalar va milliy madaniyatlarini namoyish etadi, ijobiy va o‘ziga xos milliy o‘zlikni shakllantirish uchun fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro muloqotda bo‘ladi. O‘zbekiston 1993 yildan buyon xalqaro ko‘rgazmalarda, shuningdek, ixtisoslashgan EKSPO ko‘rgazmalarida ishtirok etib kelmoqda, biroq bu safar biz mamlakatimizni birinchi marta milliy pavilon bilan namoyish etmoqdamiz. O‘ylaymanki, bu BAA bilan aloqalarni mustahkamlash niyatimizning jiddiyligini aks ettiruvchi yaxshi belgidir”, - dedi Sardor Umurzoqov o‘z nutqida.

Ochilish marosimidan so‘ng ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari va rasmiylari O‘zbekiston milliy paviloni bilan tanishdi. O‘zbekiston paviloni 1 ming 739 kvadrat metr maydonda joylashgan bo‘lib, “Harakatchanlik” shiori ostida Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab sayohatni konseptual tarzda ifodalaydi. Unda mamlakatimiz taraqqiyotining tarixiy marralari, shuningdek, so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar va kelgusidagi rivojlanish strategiyalari aniq tasvirlangan. “O‘zbekiston” paviloniga har kuni o‘rtacha 2,5-3 ming kishi tashrif buyurmoqda.

Tadbir dasturidan milliy madaniyat va san’atimizni keng ommaga taqdim etgan O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokidagi boy konsert dasturi o‘rin oldi. Oqshom mehmonlari uchun “O‘zbekiston” paviloni bo‘ylab qiziqarli ekskursiyalar tashkil qilindi. O‘zbek xalqining eng yaxshi mehmondo‘stlik an’analariga muvofiq, milliy o‘zbek taomlari ham bayramning ajralmas qismiga aylandi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Birlashgan Arab Amirliklari milliy pavilonida bo‘lib, unda BAAning rivojlanish tarixi hamda iqtisod, ilm-fan, san’at va boshqa sohalardagi zamonaviy yutuqlariga bag‘ishlangan ekspozitsiya bo‘ylab tur tashkil etildi.

EXPO 2020 DUBAIdagi ishtirokidan ko‘zlangan asosiy maqsad – zamonaviy O‘zbekiston qiyofasi, mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot, muhim investitsiyaviy imkoniyatlar, madaniy-tarixiy meros va sayyohlik salohiyatini namoyish etishdan iboratdir. Shuningdek, bu tashqi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, istiqbolli tarmoqlarga investitsiyalarni jalb etish, turistik oqimlarni ko‘paytirish, ilmiy va madaniy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatni jahon hamjamiyatiga yanada integratsiyalashtirishga yordam beradi.

Ko‘rgazma faoliyati doirasida mamlakatimizning boy merosi, madaniyati va salohiyati bilan tanishtiruvchi qator tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, 27 noyabr kuni Dubay operasi sahnasida “Lazgi – qalb va muhabbat raqsi” baletining premerasi taqdim etildi. 29 noyabr kuni “Jamiyat ijtimoiy hayotini zamonaviylashda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida O‘zbekiston sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 30 noyabr kuni mashhur o‘zbek pianinochisi Behzod Abduraimov Jubilee Park EXPO 2020 sahnasida yirik xalqaro auditoriyasiga o‘z mahoratini namoyish etdi.

EXPO 2020 DUBAI Butunjahon ko‘rgazmasi 2022 yilning 31 martigacha davom etadi.

 

Mavzuga oid

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari ...

9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va ta...

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining...

O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining tashrifi doirasida Islomobod shahrida O...

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Turkiya e...

O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasida Turkiya elchisi Olgan Bekar bilan uchrashuv bo‘lib ...

So`nggi yangiliklar