24/May/2022 Izohlar
TOSHKENT, 24-may. /“Dunyo” AA/. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘z veb-sahifasida O‘zbekiston Prezidentining “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yana-da kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 dekabrdagi “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–37-sonli Farmoni bo‘yicha sharhni o‘z o‘quvchilari eʼtiboriga havola qildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan maʼlum qilinishicha, ushbu hujjat Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida farmatsevtika sohasiga qo‘shimcha ravishda boshqa sanoat yo‘nalishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga loyihalarni amalga oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yana-da kengaytirish maqsadida qabul qilingan.
Farmonga muvofiq, Boysun tumanida farmatsevtika sohasiga qo‘shimcha ravishda boshqa sanoat yo‘nalishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga loyihalarni amalga oshirish hamda “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi hududini “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududi tarkibiga qo‘shish natijasida “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasining tugatiladi.
“Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilari “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi belgilangan tartibda tugatilgan kundan boshlab “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi hisoblanib, ushbu ishtirokchilardan “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilari reyestriga kiritilganlik uchun to‘lov undirilmaydi.
Hujjatga muvofiq, “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisidan “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisiga aylangan tadbirkorlik subyektlariga qonunchilikda belgilangan barcha imtiyozlar va kafolatlar to‘liq qo‘llanib kelinmoqda.
Mazkur farmonga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasini tugatish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 179-sonli qarori qabul qilindi.
“Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasining tugatilishi munosabati bilan kreditorlar o‘z talablarini “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi maʼmuriyatiga bildirishlari mumkin bo‘ladi.