29/Sentabr/2021 Iqtisodiy diplomatiya
TOSHKЕNT, 29-sentabr. /«Dunyo» AA/. Bryusselda (Belgiya) O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Abidov boshchiligidagi hamda asosiy vazirlik va idoralar vakillari va ekspertlaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHHTB) loyihasi bo‘yicha muzokaralarining 9-raundini boshladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbekistonlik va yevropalik mutaxassislar KSHHTB loyihasi matnini muhokama qiladi. Uning ustida ishlash 2019 yilda boshlangan. Shu davr mobaynida Toshkent va Bryusselda muzokaralarning 8 raundi, shuningdek, Bitim matnini muhokama qilish yuzasidan ekspertlarning qator uchrashuvlari o‘tkazilgan.
KSHHTB Yevropa Ittifoqi bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, Yevropa investitsiyalarini, shuningdek, intellektual mulk, kapital harakati, texnik, sanitar va fitosanitar jihatdan tartibga solish hamda boshqa sohalarda Yevropa tajribasini jalb qilish vositalaridan biri hisoblanadi.