26/Mart/2023 Konstitutsiyaviy islohotlar
ISTANBUL, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida rejalashtirilayotgan muhim siyosiy tadbir – umumxalq referendumini yuqori saviyada va samarali tashkil etish maqsadida Bosh konsulxonada Turkiya hududida taʼlim olayotgan talabalar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri.
Unda Bosh konsulxona diplomatlari bilan birga Istanbulda tashkil etilgan Turkiy dunyo munitsipalitetlari rahbarlari ittifoqining navbatdagi uchrashuvida qatnashish uchun kelgan Qo‘qon shahar hokimi Maʼruf Usmonov ham ishtirok etdi.
Uchrashuv qatnashchilariga O‘zbekistondagi islohotlarning mazmun-mohiyati va erishilayotgan ijobiy natijalar haqidagi atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi. Shu o‘rinda o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilayotgan Konstitutsiya loyihasining O‘zbekiston istiqbolidagi ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Diplomatlar va talabalar tobora yaqinlashib kelayotgan siyosiy tadbirni birgalikda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishga kelishib oldilar.