27/Mart/2023 O’zbekiston dunyo nigohida
TEL-AVIV, 27-mart. /“Dunyo” AA/. Isroilning yetakchi onlayn nashrlaridan biri - “MIGnews”da O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyevaning BMTning Suv masalalari bo‘yicha konferensiyasidagi nutqiga bag‘ishlagan maqola eʼlon qilindi, deb xabar byuyermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilganidek, 22-24 mart kunlari Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Suv masalalari bo‘yicha tarixiy konferensiyasi chog‘ida O‘zbekiston Aral Culture Summit - Orol madaniyat sammiti nomli yangi loyihasining taqdimotini o‘tkazdi.
«Orol madaniyati sammiti doirasida yosh avlodni mintaqadagi vaziyatni yaxshilashga hissa qo‘shadigan ko‘nikmalarni shakllantirishga undaydigan taʼlim va almashinuv dasturlari, stipendiyalar va stajirovkalar tashkil etiladi,- deyiladi maqolada. - Shuningdek, sammit doirasida biodizayn ferma-laboratoriyasi tashkil etiladi. Loyiha doirasida mintaqani suv bilan taʼminlash, yangi ekin turlarini yaratish, shuningdek, hududda sho‘rlanishni kamaytirish bo‘yicha turli texnologiyalar o‘rganiladi va ishlab chiqiladi».
Nashrda taʼkidlanganidek, sammit ijodkorlarni mahalliy fermerlar bilan birlashtirib, yangi o‘simliklar yetishtirish uchun biodizayn sohasida barqaror aloqalarni o‘rnatishi va shu orqali kelgusi 10 yilga mo‘ljallangan strategik rejani ishlab chiqishi maʼlum qilindi. Bu mahalliy hamjamiyatda ulkan o‘zgarishlar uchun zamin yaratadi.